Sport xabarlari: Avtomodel, an’anaviy karate-do, taekvondo-WT, basketbol
Avtomodel
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti Samarqand birlashgan texnika maktabida avtomodel sport turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Unda respublikamizning barcha hududlaridan ishtirokchilar g‘oliblik uchun bahslashdi.
Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, farg‘onaliklar O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi. Surxondaryo va Buxoro viloyati yoshlari keyingi o‘rinlardan joy oldi.
An’anaviy karate-do
Samarqand shahrida sportning an’anaviy karate-do turi bo‘yicha viloyat ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Farg‘ona, Buxoro, Toshkent, Qashqadaryo hamda Samarqand viloyatlaridan 284 nafar ishtirokchi bellashdi.
Musobaqa natijasiga ko‘ra, umumjamoa hisobida Samarqand viloyati yoshlari birinchi, qoraqalpog‘istonliklar ikkinchi va Buxoro viloyati jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Taekvondo-WT
Ushbu sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan viloyat ochiq chempionatida Toshkent, Buxoro, Sirdaryo, Andijon, Farg‘ona va Samarqand viloyatlaridan 200 nafar sportchi ishtirok etdi.
Umumjamoa hisobida Samarqand viloyati birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Keyingi o‘rinlar Toshkent shahri, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlari yoshlariga nasib etdi.
Basketbol
16-18 yoshli o‘smirlar o‘rtasida basketbol bo‘yicha “Mustaqillik kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.
Samarqand, Buxoro, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlaridan 180 nafar sportchi ishtirok etgan turnirda samarqandliklar birinchi bo‘ldi. Buxorolik va sirdaryolik yoshlar keyingi o‘rinlarni egalladi.
Musobaqalar yakunida g‘olib va sovrindorlar musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.