Sport xabarlari: Taekvondo, badiiy gimnastika, kurash, o‘zbek jang san’ati
Taekvondo WT
Samarqand shahrida sportning taekvondo WT turi bo‘yicha yoshlar (U14) hamda (U17) olimpiya vaznlari bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bahslarida bellashdi.
Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublika va barcha viloyatlardan 700 nafar yosh sportchi g‘oliblik uchun kurashdi. 4 kun davom etgan musobaqa o‘smirlar va yoshlar terma jamoasi murabbiylariga jamoaning zaxira tarkibini shakllantirish, iqtidorli sportchilarni saralash imkonini berdi.
Sportchilar 10 ta vazn tofasida jang qildi va g‘oliblar musobaqa tashkilotchilari tomonidan taqdirlandi.
Badiiy gimnastika
Sportning badiiy gimnastika turi bo‘yicha gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida «Gratsiya vostoka - 2023» ochiq birinchiligi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qirg‘iziston, Qozozg‘iston hamda Toshkent va Samarqand shahri jamoalaridan iborat 105 nafar badiiy gimnastikachi bellashdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, Samarqand shahri sportchilari umumjamoa hisobida musobaqa g‘olibi deb topilgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarni qirg‘izistonlik sportchilar va Toshkent shahri sportchilari band etdi.
IFK karate
Joriy yilning 7 may kuni «IFK karate» bo‘yicha viloyat ochiq birinchiligi o‘tkazildi. Musobaqada toshkentlik va samarqandlik 100 nafar sportchi kuch sinashdi.
Musobaqada Samarqand shahri sportchilari birinchi, toshkentlik sportchilar ikkinchi va Kattaqo‘rg‘on shahri karatechilari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Kurash
Viloyatimizda «9 may - Xotira va qadrlash kuni»ga bag‘ishlab 2010-2011 va 2012-2014 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida kurash bo‘yicha «Kurash Kids» ochiq turniri tashkil etildi.
Unda respublikamizning barcha viloyatidan kelgan sportchilar 20 vazn toifasida kurashdi. Turnir natijasiga ko‘ra, umumjamoa hisobida birinchilik samarqandlik sportchilarga nasib etgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarni Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari jamolari egalladi.
O‘zbek jang san’ati
Samarqandda o‘zbek jang san’ati bo‘yicha viloyat saralash chempionati o‘tkazildi. Chempionatda viloyatning sakkiz hududidan 250 nafarga yakin sportchi ishtirok etdi.
Umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni Samarqand shahri jamoasi egalladi. Past Darg‘om tumani jamoasi ikkinchi va Urgut tumani yoshlari uchinchi o‘rinni band etdi. Yakunda g‘olib sportchilar viloyat terma jamoasiga saralab olindi.
Shuhrat Karimov