Oqdaryolik sportchining ota-onasiga viloyat hamda tuman hokimliklari nomidan tashakkur izhor etildi

Yaqinda Belarussiyaning Minsk shahrida o‘tkazilgan yunon-rim kurashi bo‘yicha Gran-pri musobaqasida Oqdaryolik Islomjon Bahromov kumush medalni qo‘lga kiritgandi.

Kelgusi yil Tokioda o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan ushbu sportchi xonadoniga borgan Oqdaryo tumani hokimi F.Abilov boshchiligidagi tuman jamoatchilik vakillari Islomjonning ota-onasiga viloyat hokimining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, 1995 yilda tug‘ilgan I.Bahromov Qozog‘istonda o‘tkazilgan xalqaro turnir g‘olibi, Qirg‘izistondagi Osiyo chempionatida oltin medalga sazovor bo‘lgan. 2013 yilda Mongoliyada Osiyo chempioni, 2015 yil Braziliyada o‘tkazilgan jahon chempionatida, 2017 yil Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida, Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan “Islom birdamlik o‘yinlari”da 2-o‘rinni egalladi va O‘zbekistonda yilning eng yaxshi sportchisi, deb topildi. Joriy yilda esa u “Tokio-2020” Olimpiadasi letsenziyasi uchun kattalar o‘rtasida reyting turnirida (63 kilogramm vaznda) 1-o‘rinni egalladi.

Oqdaryo tuman hokimligi axborot xizmati.