Sportning o‘zbek jang san’ati turi bilan shug‘ullanayotgan samarqandlik yoshlarning soni 1200 nafarga yetdi
Samarqand shahridagi sport yakka kurashlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida ana’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan o‘zbek jang san’ti bo‘yicha bolalar va o‘smirlar o‘rtasida “Qorbobo sovg‘asi” viloyat ochiq turniri bo‘lib o‘tdi.
Turnirning ochilish marosimida viloyat O‘zbek jang san’ati federatsiyasi raisi H.Yusupov, federatsiyaning faxriy raisi F.Toshev Samarqandda keyingi yillar ushbu sport turining rivojlanayotgani, ko‘plab O‘zbekiston va jahon chempionlari yetishib chiqayotgani, ayniqsa, olis va chekka qishloqlarda o‘zbek jang san’ati turiga qiziquvchilar va shug‘ullanuvchilar sonining ortayotgani ta’kidlandi.
Yil davomida yuqori natijalarga erishgan sportchilarning ota-onalari va murabbiylariga federatsiyaning tashakkurnomalari, Javohir Ahmadjonov, Muhammadali Abdusaidov, Fariddin Ro‘ziyev, Elyor Bozorov, Latif Temirov, Ruhshona Ahatqulova, A’zam Ashurov, Jasmina Hasanova, Ismoil Mustafoyev, Jahongir Yunusov va Furqat Bozorov kabi sportchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
“Qorbobo sovg‘asi” viloyat ochiq turnirida viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridan 280 ga yaqin 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar bahslari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.
Murosasiz kechgan bahs yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida Samarqand shahri jamoasi birinchi o‘rinni egalladi, Past Darg‘om tumani ikkinchi va Kattaqo‘rg‘on tumani jamoasi uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, viloyatimizda sportning o‘zbek jang san’ati turi bilan 10 yil oldin 300 nafar o‘g‘il-qiz shug‘ullangan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni 1200 nafarga yetdi. Sportchilarning 120 dan ortig‘i respublika, 50 ga yaqini jahon va Osiyo chempionatlari g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Joriy yilning sportchilar viloyat hisobiga 37 ta oltin, 44 ta kumush va 74 ta bronza medallarini olib keldi.
Husan ELTOYeV.