SSV: 200 nafar bitiruvchi magistratura va klinik ordinaturada o‘qish uchun xorijga yuboriladi

Ushbu imkoniyat haqida Sog‘liqni saqlash vazirligining “Tibbiyot mutaxassislarini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan xorijda o‘qitish, malaka oshirish (stajirovka o‘tash) va qayta tayyorlash, shuningdek, xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb qilishni tashkil etish choralari to‘g‘risida”gi buyrug‘ida aytiladi. Mazkur hujjat davlat rahbarining tegishli Farmoni hamda qaroriga asosan joriy yil 9 avgust kuni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, muvofiq hududlarda tor sohadagi mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining 200 nafar bitiruvchisini magistratura va klinik ordinatura dasturlari asosida yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda markazlarida o‘qitish, sog‘liqni saqlash tizimidagi davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini xorijda malaka oshirish (stajirovka) va qayta tayyorlash ishlari tashkil etiladi.

🔷 Shuningdek, ularning o‘qitilishi, malaka oshirishi va tajriba almashishini respublikada amalga oshirish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish ko‘zda tutilgan.

📎 Sog‘liqni saqlash vazirligi har yili 5 sentyabrga qadar tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini klinik ordinatura dasturlari asosida o‘qitish maqsadida yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari va markazlarining ro‘yxatini shakllantiradi.

📝 Bundan tashqari, xorijiy ilg‘or tibbiyot markazlariga klinik ordinatura dasturlariga o‘qishga qabul qilingan bitiruvchilarning o‘qish xarajatlarini qoplab berish uchun zarurat asosida “El-yurt umidi” jamg‘armasiga talabnoma kiritadi.

💻 Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tomonidan 2025 yildan boshlab “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish va ularga sertifikat berish” axborot tizimi tarkibida xorijga magistratura, klinik ordinatura, malaka oshirish (stajirovka o‘tash), qayta tayyorlashga o‘qishga borish maqsadidagi nomzodlar hujjatlarini onlayn topshirish imkonini beruvchi bo‘lim yaratiladi va amaliyotga joriy etiladi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.