SSV aholi orasida virusni yuqtirganlar haqida ma’lumot berdi. Ular orasida Samarqand shahar sanitariya-epidmiologik osoyishtalik markazi xodimi ham bor
So‘nggi kunlarda mamlakatimizning turli hududlarida aholi orasida koronavirusga chalinish holatlariga e’tibor qaratsak, ko‘pincha o‘z ixtiyori bilan yoki profilaktik maqsadida namuna olinganda kasallik aniqlanyapti. Bu esa yon-atrofimizda koronavirusga chalinib, hech qanday kasallik belgilarisiz yurgan fuqarolar bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Ayni holat barchamizdan yanada xushyor bo‘lishni talab etadi.
Avval xabar qilganimizdek, 20 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 207 nafar bemordan 19 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 21 iyun kuni esa 162 nafar bemordan 22 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik ma’lumotga ko‘ra, umumiy kasallanish ko‘rsatkichi kamaygan bo‘lsa-da, ammo aholi orasida koronavirusga chalinish holati oshgan.
21 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Buxoro viloyatida 11 nafar, Toshkent shahrida 7 nafar, Sirdaryo, Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlarida 1 nafardan tashkil qildi.
Jumladan, Shayxontohur tumanida yashovchi G.I.da (sanatoriyga yotish maqsadida namuna topshirgan) va Z.G.da (shifoxonaga yotish uchun namuna topshirgan), “Ipotekabank”ning Chilonzor tumani filiali xodimi F.A.da (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna topshirgan), “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ xodimi Sh.D.da (ishga qaytish uchun namuna topshirgan) , Toshkent shahridagi “AMG” MChJ xodimi K.M.da (profilaktika maqsadida namuna topshirgan) kasallik qayd etilgan.
Shuningdek, Buxoro viloyatidagi xorijiy korxonaning 4 nafar ishchisida (korxona xodimi tana harorati ko‘tarilgan va namuna topshirgan. Profilaktika maqsadida boshqa xodimlardan ham namuna olingan) va shu xududdagi issiqxonaning 5 nafar ishchisida (profilaktika maqsadida namuna topshirishgan), shuningdek, viloyatda yana 2 nafar fuqaroda (profilaktika maqsadida namuna olingan), Andijon viloyati Paxtaobod tumanida yashovchi X.T.da (Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi “F-market” do‘konida sotuvchi. Tana harorati ko‘tarilgach, ertasiga Andijon viloyatiga, o‘z uyiga qaytgan), Sirdaryo viloyati Guliston shahrida yashovchi fuqaro G.A.da hamda Samarqand shahar sanitariya-epidmiologik osoyishtalik markazi xodimida ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.
Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.