SSV: Toshkent, Samarqand va Farg‘onada Singapur tajribasi asosida ayollar reproduktiv salomatligi markazlari ochiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mamlakatimiz rahbarining Singapurga davlat tashrifi asnosida sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha erishilgan kelishuvlar orasida yurtimizda ilg‘or tibbiyot muassasalari tashkil etishga doir qo‘shma loyiha ham bor.

- Davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra, mamlakatimizda ayollar salomatligini yanada mustahkamlash, sog‘lom bolalarni dunyoga keltirish, nogironlikning oldini olish maqsadida bir qator loyihalarni amalga oshiramiz, - deydi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov. - Xususan, “Virtus Health Singapore Pte., Ltd.” kompaniyasi bilan “Ayollar reproduktiv salomatligi: bepushtlikning oldini olish, genetik laboratoriyani rivojlantirish, sun’iy homiladorlik” markazlarini ochish bo‘yicha istiqbolli loyihani amalga oshiramiz.

Mazkur kompaniya 2002 yili Avstraliyada tashkil etilgan bo‘lib, reproduktiv salomatlik xizmatlari ko‘rsatish ko‘lami bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinda turadi. Buyuk Britaniya, Irlandiya, Daniya va Singapurda 7 ta shifoxonasi, 44 ta reproduktiv salomatlik klinikasi va 54 ta laboratoriya markazi mavjud.

Ayni paytda yurtimizda bepushtlikdan aziyat chekayotgan oilalar kam emasligi va ularning aksariyati yosh kelin-kuyovlar ekanligini inobatga olsak, bunday muassasalarga O‘zbekistonda ham ehtiyoj katta ekanligi ayon bo‘ladi.

Shu bois qo‘shma loyiha doirasida kelgusida Toshkent shahar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari Perinatal muassasalari qoshida ushbu xorijiy kompaniya tajribasi asosida ayollar reproduktiv salomatligi bo‘yicha markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ularda bepushtlikning oldini olish, genetik laboratoriyani rivojlantirish, sun’iy homiladorlik yo‘nalishlari bo‘yicha xotin-qizlarga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilishi rejalashtirilgan.