SSV: Xorijdan kelgan ikki nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Hozircha bemorlarning ahvoli qoniqarli

Avval xabar qilganimizdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda epidemiologik surishtiruv hamda koronavirus infeksiyasining tarqalib ketmasligi uchun barcha profilaktik chora-tadbirlarni izchil amalga oshirmoqda.

Shu yilning 15 mart kuni soat 05:15 da “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasiga  qarashli “Istanbul–Toshkent” yo‘nalishidagi 274-reys bilan kelgan bir nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlanganligi haqida xabar bergan edik. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Istanbuldan mazkur reys bilan birga kelgan bemorning turmush o‘rtog‘i va yana bir fuqaroda ham ushbu infeksiya tasdiqlangan.

Ayni paytga kelib, ushbu infeksiya aniqlangan bemorlar soni 10 nafarga yetdi. Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan ushbu bemorlarning ahvoli hozircha  qoniqarli bo‘lib, shifokorlar tomonidan  standartlar asosida davolash muolajalari olib borilmoqda.

Infeksiya tarqalib ketishining oldini olish maqsadida olib borilayotgan epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.