Subsidiyaning kreditdan farqi nima, uni olish uchun qanday hujjatlar kerak?
Markaziy bankning FinLit moliyaviy savodxonlikni oshirish departamenti subsidiyaning kreditdan farqi va subsidiya olish uchun qanday hujjatlar zarurligi haqida ma’lumot berdi.
Unda aytilishicha, subsidiyaning kreditdan farqi shundaki, u davlat tomonidan ma’lum bir sohalarni rivojlantirish va rag‘batlantirish maqsadida qaytarib olmaslik sharti bilan ajratiladi.
Aholi orasida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, bandlikni ta’minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish maqsadida Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi maqsadlar uchun subsidiyalar ajratiladi:
- «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan ishsiz fuqarolarga tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlash maqsadida asbob-uskunalarni xarid qilish uchun – 7 mln. so‘mgacha, xotin-qizlarga 10 mln. so‘mgacha;
- tadbirkorlik sub’yekti sifatida ro‘yxatdan o‘tib, endi faoliyatini boshlayotgan ishsiz fuqarolarga dastlabki 3 oy mobaynida ijara to‘lovini to‘lash uchun BHMning 10 baravarigacha.
Subsidiya olish uchun qanday hujjatlar zarur?
Subsidiyaning maqsadi va yo‘nalishiga qarab talab etiladigan hujjatlar bir-biridan farq qilishi mumkin. Masalan, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan ishsiz fuqarolar subsidiya olish uchun quyidagi ma’lumot va hujjatlarni taqdim etishi lozim:
- familiya, ismi va otasining ismi;
- doimiy yashash manzili;
- pasport seriyasi va raqami (ID-karta raqami);
- «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ning birida sotib olinadigan asbob-uskuna yoki mehnat qurollarining nomi;
- so‘ralayotgan subsidiya miqdori;
- tadbirkor sifatida davlat xizmatlari markazida davlat ro‘yxatidan yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tganligi.