Sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi, ma’muriy sudlar tizimini optimallashtirish fuqarolarga qanday yengilliklar beradi?

Prezidentimizning 2020 yil 2 martda qabul qilingan “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga doir davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonning 3-bandi hamda ushbu farmon bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 42-bandida ko‘rsatilgan topshiriqni, shuningdek, 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samararadorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining 2-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Qonun loyihasi ishlab chiqilib, qabul qilingan.

“Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonda sud hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, nazorat tartibida ish yuritish institutini fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish huquqini kengaytirish maqsadida bekor qilish, apellyasiya va kassatsiya instansiyalarini isloh qilish zarurligi ta’kidlangan.

Sudlar tomonidan chiqarilgan sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish vazifalarini bajaruvchi sud instansiyalari qayta ko‘rish tizimining elementlaridir. Qayta ko‘rishning amaldagi tizimi quyidagi ikki elementdan iborat: sudning qonuniy kuchga kirmagan qarorlarini tekshirishni amalga oshiruvchi instansiya (apellyasiya instansiyasi) va sudning qonuniy kuchga kirgan qarorlarini qayta ko‘rishni amalga oshiruvchi instansiyalar (kassatsiya va nazorat instansiyalari).

Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirishning amaldagi tizimining tahlili shuni ko‘rsatadiki, nazorat tartibida ish yuritish o‘z vazifalari va vakolatlariga ko‘ra, kassatsiya tartibida ish yuritish bilan o‘xshashdir. Bunday mexanizm mavjud ekan, xalqaro hamjamiyatning va fuqarolik jamiyatining sud instansiyalari soni ko‘pligi borasidagi ta’nalari va tanqididan qutulib bo‘lmaydi. Chunki kassatsiya tartibida tekshirish, nazorat tartibidagi tekshirish ham qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini tekshirishga qaratilgan.

Fuqarolarning odil sudlovga erishishini ta’minlash, ularning ortiqcha ovoragarchiligini bartaraf etish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish samaradorligini ta’minlash maqsadida sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirishning amaldagi tizimini isloh etish taqozo etilmoqda.

Shu munosabat bilan birinchidan, nazorat instansiyasi institutini bekor qilish va kassatsiya instansiyasining vakolatlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida faoliyat ko‘rsatgan holda o‘tkazish yo‘li bilan isloh qilish maqsadga muvofiq. Ikkinchidan, apellyasiya instansiyasi institutini bu vakolatlarni viloyat sudlari va tenglashtirilgan sudlarga o‘tkazgan holda tubdan isloh qilish nazarda tutilgan.

Shuningdek, qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida MDH va uzoq xorij mamlakatlarining ma’muriy ishlar bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rish masalasini tartibga solish sohasidagi xalqaro tajribasi o‘rganib chiqilib, ma’muriy ishlar bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rish institutini yanada takomillashtirish, jismoniy va yuridik shaxslar huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish samaradorligini ta’minlash maqsadida:

– odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish uchun apellyasiya va kassatsiya instansiyalari isloh qilinib, nazorat tartibida ish yuritish institutini bekor qilish;

– ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlarni tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlarini tugatish. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolinishini ta’minlash nazarda tutilgan.

Xulosa qilib aytganda, qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar orqali, fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini beradigan tarzda sud qarorlarini qayta ko‘rish tartibini birlashtirishga, jamiyatning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, shuningdek, xalqaro standartlar normalarini milliy qonunchilikka iplementatsiya qilishga erishiladi.

Shohruh MIRZAAHMEDOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.