Sud sohalar bo‘yicha institutsional tizimlashtiriladi
Prezidentimiz turli darajadagi anjumanlarda sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash eng ustuvor vazifa ekanligi, ayniqsa, sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik lozimligini takror va takror qayd etib keladi.
Ayni vaqtda sud qarorlarini qayta ko‘rishning bir-birini takrorlovchi bosqichlari mavjudligi va boshqa qator kamchiliklar sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.
Amaliyot sudlarni qat’iy ixtisoslashtirish va ortiqcha byurokratik harakatlarni qisqartirish hamda sudlarni optimallashtirish orqali ishlarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqadigan va barcha bo‘g‘in sudlari bir xilda faoliyat yuritadigan tizimni shakllantirish zarurati mavjudligini ko‘rsatdi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 iyul kuni qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ayni tizimli muammolar va to‘planib qolgan dolzarb masalalarning yechimi belgilangani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Zero, farmonda odil sudlovni amalga oshirishdagi muammolar, uni ta’minlashning institutitsional asoslari, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash bilan bog‘liq ustuvor yo‘nalishlar ko‘rsatib berildi.
Birinchidan, barcha bo‘g‘indagi sudlar, ya’ni tuman (shahar), viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar hamda Oliy sud faoliyati sudlarning qat’iy ixtisoslashuviga ko‘ra tarkiban qaytadan tashkil etiladigan bo‘ldi.
Ikkinchidan, ishlarni sudda ko‘rish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda ta’minlash mexanizmlari joriy qilinadi. Bunda jinoyat ishlarini sudda ko‘rish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibi belgilanadi. Jinoyat ishining umumiy tartibda ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichi kiritiladi.
Uchinchidan, Sudyalar oliy malaka hay’atining hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hay’atlarining qarorlari ustidan Sudyalar oliy kengashiga shikoyat qilish huquqi beriladi.
To‘rtinchidan, sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish instituti tugatiladi. Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ular o‘rinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor qilinadi.
2021 yilning yanvar oyidan boshlab viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi. Bundan keyin viloyatlar va unga tenglashtirilgan sudlarga bir nafar sud raisi rahbarlik qiladi. Sud raisi o‘z o‘rinbosarlariga ega bo‘lib, bir vaqtning o‘zida o‘rinbosarlar fuqarolik ishlari, jinoyat ishlari va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining raisi ham hisoblanadi.
Yangi tartibga ko‘ra ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkaziladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarida rais, uning o‘rinbosari bo‘lishi mumkin va bir necha sudya faoliyat olib boradi.
Ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlari tashkil etilishi munosabati bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlari tugatiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolinadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlariga rais rahbarlik qiladi. Mazkur sudlarda rais o‘rinbosari va 3 nafardan 7 nafargacha sudya bo‘lishi mumkin. Toshkent shahridagi tumanlararo ma’muriy sudlarga rais rahbarlik qiladi va uning o‘rinbosari bo‘ladi. Bu sudlarda 2 nafardan 8 nafargacha sudya faoliyat olib borishi mumkin.
Farmon bilan viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlari Oliy sudining sudlov hay’atlari tomonidan apellyasiya tartibida qayta ko‘rib chiqish tartibi belgilanmoqda. Shuningdek, apellyasiya tartibida ko‘rib chiqilgan sud qarorlari Oliy sudining sudlov hay’atlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqiladi.
Asosiy yangiliklardan biri Oliy sud sudlov hay’atlari tomonidan kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ular o‘rinbosarlari protestiga ko‘ra kassatsiya tartibida takroran ko‘rib chiqilishi instituti kiritilayotganidir.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, farmonda ko‘zda tutilgan ustuvor yo‘nalishlar sudni sohalar bo‘yicha institutsional tizimlashtirish, uni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ta’siriga tushirmaslik, eng asosiysi, adolatli qarorlar qabul qilish orqali odamlarning sudga ishonchini yanada mustahkamlash yo‘llarini belgilaydi.
Boboqul TOShEV,
Yuristlar malakasini oshirish markazi
kafedra mudiri, yuridik fanlar doktori.