104 ming gektar paxta va g‘alla dalalari boshqa ekinlar uchun ajratiladi

Bu haqda aynivaqtda o‘tayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda tomorqa, ko‘chalar, dala chetlari va kanal-kollektorlar atrofidagi yerlarda oziq-ovqat va daromadli ekinlarni ekib, aktivga aylantirish masalalari muhokama qilinmoqda.

Davlat rahbari shu paytgacha paxta va g‘alla yerlarining 260 ming gektari oziq-ovqat yetishtirish uchun ajratilgani, kecha yana 104 ming gektar ajratishga ruxsat berilganini ta’kidladi.

Oziq-ovqat eksporti o‘tgan yilga nisbatan 370 million dollarga (1,2 barobar) o‘sib, 2 milliard dollardan oshdi.

O‘zbekiston o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda 3-o‘ringa, gilos va shaftoli bo‘yicha 6-7-o‘ringa, mosh va boshqa dukkakli mahsulotlar bo‘yicha 10-o‘ringa chiqdi.

Birgina gilos 16 ta mamlakatga eksport qilinmoqda. Har hafta 3-4 tonna uzum AQShga yetkazib berilmoqda.

Eksport Qoraqalpog‘iston va Jizzaxda 2,2 barobar, Xorazmda 1,8 barobar va Surxondaryoda 1,6 barobar ko‘paydi.