Sud tizimi arxivida qanday hujjatlar, qancha vaqt saqlanadi?

Davlat arxivlari quyidagi toifalarga bo‘linadi:

1-milliy arxivlar;

2-markaziy davlat arxivlari;

3-viloyat va tuman (shahar) davlat arxivlari;

4-tarmoq davlat arxivlari.

Barcha toifadagi davlat arxivlari hokimlik va boshqaruv organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining faoliyati natijasida yaratilgan arxiv hujjatlari, shuningdek ular tomonidan olingan yoki ularga nodavlat korxonalar, muassasalar va tashkilotlar hamda jismoniy shaxslar topshirgan arxiv hujjatlari bilan jamlanadi.

Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlashning quyidagi muddatlari belgilanadi:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tashkil etiladigan xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, respublika bo‘ysunuvidagi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining arxiv hujjatlari - o‘n besh yil mobaynida;

mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruvi organlarining tegishli hududiy bo‘linmalari, viloyat bo‘ysunuvidagi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining arxiv hujjatlari - o‘n yil mobaynida;

tuman va shahar bo‘ysunuvidagi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining arxiv hujjatlari - besh yil mobaynida;

ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, boshqa tashkilotlarning arxiv hujjatlari - o‘n yil mobaynida;

ilmiy, texnologik, konstruktorlik va patent hujjatlari - yigirma yil mobaynida;

ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinolentalar, fotosuratlar, fotografiya plyonkalari - tayyorlangan vaqtidan boshlab uch yildan oshmagan muddat mobaynida;

mashinada o‘qiladigan hujjatlar esa - besh yil mobaynida.

Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari, notarial harakatlar yozuvlari, sud ishlari va xo‘jalik kitoblari idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlari o‘tgach belgilangan tartibda davlat arxivlariga topshiriladi.

Sud tizimida idoraviy arxiv ishini mudir (arxivarius) yuritadi. Uning zimmasiga arxiv pasportini yuritib, fond hajmi va tarkibi bo‘yicha o‘zgartirishlar haqidagi ma’lumotlarni kiritib boradi.

Sud arxiv mudiri (arxivarius) sud raisining buyruq va farmoyishlarini, sudning moliya-xo‘jalik faoliyatiga oid hujjatlarini, shaxsiy ishlar yig‘majildlarini, ko‘rilib tamomlangan ishlarini va ishga oid boshqa materiallarni, sud amaliyotini umumlashtirishga oid hujjatlarni va statistik hisobotlarni belgilangan tartibda to‘g‘ri rasmiylashtirilganligini tekshiradi va saqlash uchun qabul qilib oladi.

Arxivga qabul qilingan ishlar va boshqa hujjatlarni axborot tizimida ro‘yxatga oladi va ularni tartib raqamlari asosida joylashtiradi hamda arxivda saqlanayotgan ishlar va boshqa hujjatlarning hisobini yuritib, zarur hollarda ular yuzasidan ma’lumotnomalar tayyorlaydi.

Sud rahbariyatining ruxsatiga ko‘ra arxivda saqlanayotgan ishlar va hujjatlar bilan tegishli shaxslarni tanishtirib, belgilangan tartibda hujjatlardan nusxa yoki ko‘chirmalar beradi hamda so‘rovnomalarga asosan ma’lumotnomalarni tayyorlaydi. Arxivdagi ishlar va boshqa hujjatlarni saqlanishini ta’minlash uchun har yili kamida bir marta arxivda saqlanayotgan hujjatlarni saqlash va yo‘q qilishga ajratib, doimiy saqlanishi lozim bo‘lgan ishlar va boshqa hujjatlar tegishli arxivga topshiriladi.

D.Mamatazimov, viloyat sudi arxiv mudiri.