Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sud tizimida faoliyat yuritgan ayollarga ehtirom ko‘rsatildi

Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Samarqand viloyat sudida tadbir tashkil etildi.

Unda viloyat sudi raisi O.Hayitov tizimda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni bayram bilan qutlab, ulardagi mas’uliyat, qat’iyat, fidoyilikni alohida e’tirof etdi. Olib borilayotgan islohotlar xotin-qizlarning huquqlari va manfaatlarini kafolatli himoya qilish, ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotda to‘laqonli ishtirok etishiga qaratilgani, ana shu sa’y-harakatlar natijasida xotin-qizlarimiz jamiyatning barcha jabhalarida faol ishtirok etayotganini ta’kidladi. Shu jumladan, odil sudlovni ta’minlash, adolat qaror toptirishda ayol sudyalar va sud xodimlarining o‘rni beqiyosligiga to‘xtaldi. 

Bayram tadbirlarga boy bo‘ldi. Sudyalar 1983 yildan buyon sud tizimida ishlab kelayotgan Lenora Seydaliyevani 55 yoshi bilan qutladi. Viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Shohida Murodillayevaga respublika Sudyalar oliy kengashining faxriy yorlig‘i tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, o‘zbek va ingliz tillarida chop etilgan «O‘zbekiston ayol sudyalari» to‘plami taqdimoti o‘tkazildi va ayollarga sovg‘a tariqasida tarqatildi. Shuning barobarida barcha xotin-qizlarga gullar, estalik sovg‘alar ham taqdim etildi. 

Tadbir yakunida viloyat sudi rahbariyati keksalik gashtini surayotgan Tamara Guseynova hamda Dilbar Irmuxamedovalarning xonadoniga tashrif buyurdi. Ularni bayram bilan tabriklab, gullar va estalik sovg‘alar taqdim etdi. 

Viloyat sudi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.