Sud tizimidagi o‘zgarishlar sudyalar oldiga qanday vazifa qo‘ymoqda?
Sud-huquq tizimida amalga oshirilgan islohotlar haqida gap ketganda, avvalo jazolarni liberallashtirish, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq jazolarni keskin kamaytirish borasidagi ishlarni alohida ta’kidlash o‘rinli. Negaki, ayni shu o‘zgarishlar sabab bilib-bilmay jinoyat ko‘chasiga kirgan ko‘plab odamlar mahkumlik azobidan qutulishdi.
Qayd etish lozimki, sudni haqiqiy adolat qo‘rg‘oniga aylantirish borasida keyingi 3-4 yilda juda katta ishlar amalga oshirildi. Jumladan, ilgari sudlar hukm yoki ajrim chiqarish payti jamoatchilik fikri, xohish-irodasiga befarq qarardi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va "Nuroniy" jamg‘armasining joylardagi bo‘lim va bo‘linmalari, o‘zini o‘zi boshqarish organlariga sudlanayotgan shaxsni jinoyat yo‘liga qayta kirmasligi uchun kafillikka olish vakolati berildi.
Bundan tashqari, sudlarning sayyor qabullari doimiy ishga aylandi. Jamoatchilik bilan uchrashuv, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik, sayyor sud majlislari bevosita keng jamoatchilik ko‘z o‘ngida, yurtdoshlarimizning faol ishtirokida o‘tyapti. Natijada ochiq va odil sudlovning tarbiyaviy kuchi odamlar tomonidan qalban anglab yetilyapti.
Prezidentining 2020 yil 10 avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni esa tizimdagi islohotlarning sifat jihatdan yangi bosqichini boshlab berdi.
Bularning barchasi Qo‘shrabot tuman sud organlari va prokuratura hodimlari ishtirokida o‘tkazilgan seminarda e’tirof etildi. O‘z navbatida soha xodimlari oldida turgan vazifalar va bugungi kun talablari atroflicha muhokama etildi. Negaki, 2021 yil 1 yanvardan “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimining ishga tushirilishi, jinoyatga doir ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarning yagona elektron hisobga o‘tishi tizim xodimlariga ham alohida mas’uliyat yuklaydi.
Amalga oshirilayotgan mazkur o‘zgarishla sud va sudlanuvchilar o‘rtasidagi aloqalarning shaffofligini ta’minlab, jinoiy harakatlarning kelib chiqish sabablari, uni sodir etgan shaxs yoki shaxslar o‘rtasida turli nizo va kelishmovchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Ilhom G‘ULOMOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tumani sudi raisi.