Sudga qadar hal etilishi mumkin bo‘lgan nizolar ishi 50 foizga kamaytiriladi

Yetti yil ichida qonunlarni liberallashtirish jarayonlari yanada soddalashtiriladi. Ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash amaliyoti 30 foizdan 20 foizga tushiriladi. Sudlar hamda tergov organlari faoliyatida ayrim protsessual harakatlarni masofadan turib amalga oshirish imkoniyatlarini kamida ikki barobarga oshiriladi. Ma’muriy sudlarga bevosita murojaat qilishga to‘sqinlik qilayotgan omillar to‘liq bartaraf etiladi.

Bu kabi o‘zgarishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan.

Har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash maqsadida qabul qilingan mazkur Farmon bilan qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimidagi islohotlarni amalga oshirish borasidagi islohotlar davom ettiriladi.

Yuqoridagilardan tashqari sudga qadar bosqichda nizolarni hal qilish masalalarida ham o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Ya’ni, sudga qadar hal etilishi mumkin bo‘lgan nizolar yuzasidan sudlarga kelib tushadigan ishlar soni 50 foizga kamaytiriladi.

Ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni ko‘rib chiqish natijalari ustidan sudlarga yuborilayotgan shikoyatlarning 50 foizini elektron shaklda kelib tushishiga erishish ham asosiy maqsadlardan biri. 

Tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan ko‘rilayotgan jinoyat ishlarining 100 foizida himoyachi yoki jamoat himoyachisi ishtirokini ta’minlashga erishish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, sud tizimini boshqarishga sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini to‘laqonli joriy etish hamda sudyalar hamjamiyati organlari tizimini to‘liq shakllantirish, jahon odil sudlov loyihasining Huquq ustuvorligi indeksi bo‘yicha 0,64 ballni to‘plashga erishish, boshqaruv sifati indikatorlarining Huquq ustuvorligi yo‘nalishi bo‘yicha 61,5 ballni to‘plashga erishish kabi ustuvor maqsadlar reja qilingan.

Sud va boshqa organlarning hujjatlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlar toifasining kamida 30 foizini xususiy sektor yordamida ijro etishni yo‘lga qo‘yish, 100 foiz jinoyat ishlari va materiallarning elektron shakldagi nusxasini yuritish va ushbu ishlar bo‘yicha elektron hujjat almashinuvini ta’minlash, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha advokatlar hamda sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron hujjatlar almashinuvi darajasini kamida 50 foizga yetkazish, 100 foiz normativ-huquqiy hujjatlarning “korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqilishini ta’minlash kabi ezgu maqsadlar ham asosiy vazifalar qatoriga kiradi. 

Bir so‘z bilan aytganda, sud-huquq tizimidagi islohotlar izchil davom ettiriladi. Sud qarorlarining ijrosiga alohida ahamiyat beriladi.

A.Mamarahimov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudining raisi.

A.Haydarov, sudya.