Sudlarga murojaat: nimalarni bilish zarur?

Barcha fuqarolar, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar buzilgan huquqlari yuzasidan sudga og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.

Qayd etish lozim, sudlarga ikki xil toifadagi - muayyan ish bilan bog‘liq bo‘lmagan oddiy xat tarzidagi, ya’ni ariza, taklif, shikoyat hamda muayyan nizo yoki ish bilan bog‘liq bo‘lgan, ya’ni, ariza, da’vo arizasi, iltimosnoma, shikoyat bilan murojaat qilish mumkin.

Birinchi toifadagi ya’ni, muayyan ish bilan bog‘liq bo‘lmagan murojaatlar O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Ya’ni, bunday murojaatlar sudga kelib tushgan kundan e’tiboran 15 kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa 1 oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilishi lozim. Agar ko‘rib chiqish muddati uzaytirilganda bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

Ikkinchi toifadagi murojaatlar esa tegishlicha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda Jinoyat-protsessual kodeksida, ma’muriy sudlarda Ma’muriy sud ishlarini yuritish kodeksida, iqtisodiy sudlarda Iqtisodiy protsessual kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Qayd etish lozim, da’vo arizasida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

- ariza berilayotgan sudning nomi;

 - da’vogarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, agar da’vogar tashkilot bo‘lsa, uning nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) hamda rekvizitlari, shuningdek, agar ariza vakil tomonidan berilayotgan bo‘lsa, vakilning familiyasi, ismi, otasining ismi va manzili;

- javobgarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, agar javobgar tashkilot bo‘lsa, uning nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) hamda rekvizitlari;

- da’vogarning talabi;

- agar da’vo baholanishi kerak bo‘lsa, da’voning bahosi;

- da’vogar o‘z talabiga asos qilib ko‘rsatayotgan holatlar va da’vogar tomonidan bayon qilingan holatlarni tasdiqlovchi dalillar;

- javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, basharti bu qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa;

- arizaga ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati.

Furqat Anorov,

fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudlov hay’ati sudyasi.