Sudyalar bir oyda nechtagacha ishni ko‘rib chiqmoqda?

Joriy yilning birinchi choragida fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlarda jami 37362 ta fuqarolik ishi ko‘rilgan. Shundan 23782 ta yoki 63,6 foizi bo‘yicha sud buyruqlari chiqarilgan.
Ko‘rilgan ishlar tahlil qilinganda, 2024 yilning shu davriga nisbatan fuqarolik ishlari 210 taga, material tartibida ko‘rilgan ishlar esa 1740 taga ko‘paygan. Tumanlararo sudi har bir sudyasining o‘rtacha oylik ish hajmi 444,7 ta ishni, shundan 161,6 tasi fuqarolik ishini tashkil qilgan.
Viloyat sudi birinchi instansiyada 5 ta material, apellyasiya instansiyasida 230 ta, kassatsiya instansiyasida 218 ta, taftish instansiyasida 112 ta fuqarolik ishlari ko‘rib tamomlangan.
Da’vo tartibida ko‘rib tamomlangan fuqarolik ishlari nizo turi bo‘yicha tahlil qilinganda, eng ko‘p ish kredit qarzdorligi hamda qarz undirishga oid (2960 ta) bo‘lmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda nikohdan ajratish, oilaviy va mehnat nizolari turadi. Bu davrda 917 ta yer va 1141 ta uy-joy bilan bog‘liq nizolar ko‘rib chiqilgan.
Ko‘rilgan 2096 ta nikohdan ajratish bilan bog‘liq ishlarning 946 tasida da’volar qanoatlantirilgan. Tumanlararo sudlari tomonidan ishlarni ko‘rish natijalari yuzasidan jami 268 ta xususiy ajrim chiqarilib, tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga yuborilgan. 183 ta ish bo‘yicha taraflar yarashtirilganligi sababli ish yurituvdan tugatilgan.
Viloyat sudining apellyasiya, kassatsiya va taftish instansiyalarida tumanlararo, tuman va shahar sudlarining jami 565 ta ishlari ko‘rilib, shundan 63 ta hal qiluv qaror(ajrim)lari yoki apellyasiya, kassatsiya yoki taftish instansiyalarida ko‘rilgan ishlarning 11,1 foiz bekor qilingan hamda 29 ta hal qiluv qaror(ajrim)lar yoki 5,1 foizi o‘zgartirilgan.
Zafar ALLABAYeV,
viloyat sudi raisining o‘rinbosari,
fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi.