Sudyalar kitobxonlikda bellashdi
Samarqand viloyat sudi hamda viloyat ma’muriy sudi tizimida “Kitob – ma’naviyat ko‘zgusi” tanlovi o‘tkazildi.
Barcha sudya va sud xodimlari ishtirok etgan tanlovda jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari hisoblangan o‘nta kitob bo‘yicha bilimlar sinovdan o‘tkazildi.
Bir oy davomida sudya va sud xodimlari ushbu kitoblarni o‘qish bilan birga kitobxonlik mavzusida seminar, davra suhbatlarida qatnashdi.
Belgilangan muddatda tuman-shahar va tumanlararo sudlar jamoalari navbati bilan tanlovda ishtirok etdilar. Tanlov ishchi guruhiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi xodimlari, adabiyotshunos olimlar jalb etildi.
- Tanlov yuqori saviyada o‘tdi, sudyalar ham, sud xodimlari ham katta ishtiyoq bilan kitoblarni o‘qigani, mazmun-mohiyatini anglab yetgani sezilib turdi, - deydi viloyat sudi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sadriddin Nabiyev. - Chunki savollar o‘nta asar asosida yetarli darajada murakkab tuzilgan edi.
Tanlovda Past Darg‘om tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Luqmon Asatov birinchi o‘rinni, Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Navbahor Tursunova ikkinchi o‘rinni va viloyat ma’muriy sudi sudyasi Umidjon Muhammadiyev uchinchi o‘rinni egalladi. G‘oliblarga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.
Shuningdek, tanlovda faol ishtirok etgan sudyalarga jurnalist, adib Farmon Toshevning yaqinda chop etilgan 4 jildlik saylanma asarlari to‘plami taqdim etildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudi, Ishtixon tumanlararo iqtisodiy sudi va viloyat ma’muriy sudi jamoalari tanlovda yuqori tayyorgarlik bilan va yuksak saviyada qatnashganligi sababli “Eng kitobxon jamoa” deb e’tirof etildi.
Kitobxonlik tanlovi muntazam o‘tkazib borishga kelishildi. Keyingi bosqich sentyabr oyida boshlanib, jahon adabiyoti va o‘zbek adabiyotining oltin fondidan joy olgan asarlar asosida o‘tkaziladi.