Sudyalar oliy kengashi Samarqanddagi sudyalar bilan uchrashuv o‘tkazdi

 Sudyalar oliy kengashi, sud faxriylari, sudyalar va viloyat jamoatchiligi vakillari ishtirok etgan uchrashuv odil sudlov samaradorligini ta’minlash hamda tizimda korrupsiyaning oldini olish masalasiga bag‘ishlandi.

  Yig‘ilishda O‘zbekiston Sudyalar oliy kengashi raisi X.Yodgorov, Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist A.Mardiyev va boshqalar sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari haqida so‘z yuritdi. Tizimda adolat ustuvorligini ta’minlash, korrupsiya holatlarining oldini olish eng muhim talab ekanligi ta’kidlandi. 

– Bugun sudlarga, sudyalarga davlat tomonidan shunchalik katta e’tibor qaratilmoqda, – dedi sud sohasi faxriysi I.Ochilov. – Sudyalar oylik maoshi oshirildi, ularga bir qator imtiyoz va yengilliklar berildi. “Ibratli sudya” mukofoti, “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni ta’sis etish taklifi ilgari surilmoqda. Yana boshqa ko‘plab yangiliklar bo‘layotgan bir paytda tizimda korrupsiyaga yo‘l qo‘yish adolatga qilingan xiyonatdir. Bu fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadi, adolat qo‘rg‘oni poydevoriga darz ketadi. Shu bois tizimda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik, bu borada ichki nazoratni kuchaytirish zarur.

  Uchrashuvda sudyaning faqatgina qonunlarni mukammal bilishining o‘zi yetarli emasligi, gap sudyaning ichki tuyg‘usi, ma’naviy dunyoqarashidan kelib chiqib, qonunlarni qanday qo‘llashiga ham bog‘liqligi qayd etildi. Sudyalarga fuqarolarning o‘z muammolarini hal eta olmasdan sudma-sud sarson bo‘lib yurishlarining oldini olish maqsadida birinchi instansiya sudlarida ishlarni har tomonlama puxta, atroflicha ko‘rib chiqib qonuniy va adolatli qaror qabul qilish, sud qarorlarining mazmun-mohiyatini taraflarga oddiy tilda tushuntirib borishlari lozimligi uqtirildi.

Uchrashuvda sud faxriylari va jamoatchilik vakillari kun tartibidagi masala yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirib, yosh sudyalarga o‘z tavsiyalarini berdilar.