Sudyalar universitetga nega bordi?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyalari M.To‘xtayev, B.Aliqulov va B.Jumaboyevlar Samarqand davlat universiteti talabalari bilan uchrashib, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish xususida suhbat o‘tkazdi.

Uchrashuvda Samarqand viloyati sudi sudyasi B.Aliqulov so‘nggi yillarda yoshlarning siyosiy faolligini oshirish, huquqiy ongi va madaniyatini rivojlantirish, ularni vatanparvar, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani haqida batafsil axborot berdi.

- Tengdoshlaringiz orasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari uchrayotganiga hech birimizning befarq bo‘lishga haqqimiz yo‘q, - dedi B.Aliqulov. – Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudlari tomonidan 2019 yilda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 1 545 nafar shaxsga nisbatan 1 304 ta ish ko‘rilganligining o‘zi ham tashvishlanarli holat.

Shuningdek, uchrashuvda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarning oldini olish masalasi bugungi kunda Yoshlarga oid davlat siyosatining dolzarb yo‘nalishlaridan biri ekanligi, shu ma’noda o‘quv yurtlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda yoshlarning siyosiy faolligini oshirish, huquqiy ongi va madaniyatini rivojlantirish yuzasidan samarali ishlarni amalga oshirilishi zarurligi haqida to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuv yakunida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi hamda sudyalar faol talabalarga badiiy kitoblar sovg‘a qilishdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi.