Sudyalik lavozimiga nomzod uchun jamoatchilik fikri olindi
Prezidentimiz tomonidan 2017 yil 13 iyun kuni sudyalar oldiga belgilab berilgan vazifalar ijrosi bo‘yicha endilikda yangi institut sudyalik lavozimiga ilk bor tayinlanayotgan nomzodlarni viloyat, tuman va shahar jamoatchiligiga tavsiya etib, ularning roziligini olish tartibi yo‘lga qo‘yilgan.
Bu o‘z navbatida, sudyalik lavozimiga tavsiya etilgan nomzodning odil sudlovni amalga oshirishdagi mas’uliyati va javobgarligini oshiradi, jamoatchilikni sudlar faoliyati bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar olishlariga va sudlarga nisbatan ishonchi oshishiga xizmat qiladi.
2020 yil 4 iyul kuni xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining 8-sessiyasida shahar sudining sudyasi lavozimiga Jahongir Karimovga jamoatchilikning fikri olindi.
Viloyat ma’muriy sudi sudyasi S.Yusupov nomzod J.Karimovning tarjimai holi, ma’naviy-axloqiy, kasbiy fazilatlari to‘g‘risida majlis ishtirokchilarini tanishtirdi.
Shundan so‘ng nomzod o‘zining kelgusidagi faoliyati yuzasidan ma’ruza qildi va yig‘ilish ishtirokchilari o‘z fikrlarini bildirishdi.
Nomzodga Samarqand shahar faollari va keng jamoatchilikning roziligi olindi.
Orif PARDAYeV,
Samarqand shahar ma’muriy sudi raisi.