Sug‘diyona maskanidagi xonadonlardan birida 8800 AQSh dollarini o‘margan shaxslar qo‘lga olindi

Joriy yilning 9 noyabr kuni Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 5-IIBga Sug‘diyona maskanida yashovchi M. ariza bilan murojaat qilib, 2020 yil 5 noyabr kuni noma’lum shaxslar uning xonadoni eshigini kalit tanlash yo‘li bilan ochib, yotoqxonadagi shkaf ichida bo‘lgan jami 8.800 AQSh dollari miqdoridagi pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilganligini bildirgan.

Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 5-IIB JQG xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur o‘g‘irlik jinoyatini Past Darg‘om tumani Chortut MFYda yashovchi fuqarolar Sh., P. hamda Samarqand shahar Bog‘dod ko‘chasida yashovchi M.lar sodir qilganligi aniqlanib, ulardan 8.600 AQSh dollari miqdoridagi pullar daliliy ashyo tariqasida hujjatlashtirilib olingan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.