Suiqasddan so‘ng ham kasbiga sodiq qolgan samarqandlik jurnalist ayol

Hatto ko‘zlari bir muddat bu yorug‘ olamni ko‘rmay qolganda ham qalamini tashlamadi. Aksincha, tezroq sog‘ayib, jarayonga qaytishni, odamlarga yordami tegishini o‘ylab, tushkunlikni yengdi. Hatto suiqasd uyushtirishganda ham irodasi bukilmadi. Nafaqat Samarqandning chekka tumanlari, balki qo‘shni viloyatlarda ham haftalab bo‘lsa-da, xizmat safarida yurib,  odamlarning muammolarini o‘rgandi, tahlil qildi, alaloqibat ushbu masalalar ijobiy yechim topdi.

Gap samarqandlik ko‘plab jurnalistlar, ayniqsa, shu kasbni tanlagan ayollarning ustozi, jurnalist, “Shuhrat” medali sohibasi Gulchehra Aliboyeva haqida ketmoqda. To‘g‘risi, Gulchehra opa hech kimga intervyu bermasligini yaxshi bilganim holda suhbatlashishga izn so‘radim. Tabiiyki, rozi bo‘lmadilar. Gulchehra opani talabaligimdan bilganim uchun u kishining yozgan maqolalari, boshidan kechirgan voqealardan xabarim borligini, o‘shalarni to‘plab yozaman, deganimdan so‘nggina ba’zi holatlarga izoh berdilar.

- Juda ko‘p tanqid yozganingiz uchun sizni Qalampirxonim, deb atashgani rostmi?

- Shunday. Tanqid hech qachon hech kimga yoqmagan. Jurnalistni tanqid qilishgani uchun mudom yomon ko‘rishgan. To‘g‘ri, minbarlarda, rasmiy davralarda tanqid haqida juda yaxshi fikrlar aytishadi. Ammo tanqiddan so‘ng faqatgina muammosi hal bo‘lgan odamlar minnatdorchilik bildiradi.

- Har qanday qiyinchiliklarga qaramay, ushbu minnatdorlik tufayli kasbingizga sodiq qolganmisiz?

- Aynan kasbim tufayli qiyinchiliklarga duch kelganim yo‘q. Men kasbimni hayotimning bir bo‘lagi sifatida qabul qilganman doim.

- Boshqa viloyatda bir necha kunlab qolib ketganingiz evaziga qattiq sovuqdan jiddiy xastalikni boshdan kechirgansiz-ku.

- To‘g‘ri, Qashqadaryoga, odatdagi shikoyatlardan birini o‘rganishga borganimda muammonni o‘rganish men o‘ylaganimdan ham ko‘proq vaqt talab qildi va uch kundan ko‘proq qolib ketishimga to‘g‘ri keldi. Buning ustiga havo keskin sovib, qor yog‘di. Yupun kiyinib borganman, kuni bilan joylarda yurishga to‘g‘ri keldi. Samarqandga qayt­ganimdan so‘ng haroratim ko‘tarilib ketdi. Bir necha kun o‘tgach esa ko‘zlarim ko‘rmay qoldi, o‘sha tobda dodlab yuborganim yodimda. Darhol shifokorlarga bordik, tajribali tibbiyot xodimlari tekshiruv o‘tkazgach, qattiq shamollash natijasida shunday holga tushganim ma’lum bo‘ldi. Shifokorlar meni tinchlantirib, davolangach, ko‘zlarim yana ko‘rishini aytib, tasalli berishdi. To‘rt oy shifoxonada muolaja olishimga to‘g‘ri keldi. Yarim yildan ziyod vaqt mobaynida ishga chiqmaslikka majbur bo‘ldim.

- Hatto shu voqeadan so‘ng ham kasbingizga nisbatan munosabatingiz o‘zgarmadimi? Ishlamagansiz, moliyaviy jihatdan ham qiynalgandirsiz?

- Bu voqeaga kasbimning aloqasi yo‘q, deb o‘ylayman. Peshonamda shunday bo‘lishi yozilgan ekan, qolaversa, yuqorida ta’kidlaganimday, o‘zimning ehtiyotsizligim, sovuqdan himoyalanmaganim sabab bo‘lgan. Moliyaviy jihatdan o‘sha payti ishlagan “Turkiston” gazetasi meni qo‘llab-quvvatlagan. Umuman, jurnalistik faoliyatimda ushbu gazetaning ahamiyati beqiyos. 90-yillarda “Turkiston” nafaqat yoshlarning, balki butun o‘zbekistonlik­larning sevimli gazetasiga aylanib ulgurgandi. Adadi bir million nusxaga chiqqan yillar ham bo‘lgan. Har bir sonida albatta, tanqidiy, tahliliy, kishini o‘yga toldiradigan, fikrlashga undaydigan maqolalar bo‘lardi. Aytmoqchimanki, bemor yotgan paytlarim ustozimiz Jabbor Razzoqov oylik maoshimni saqlab qolgan. Garchi menga vaqtinchalik nogironlik rasmiylashtirish lozim bo‘lsa-da, ammo bunga ko‘nmaganman. Pulsiz o‘tirsam ham nogironlikni rasmiylashtirmayman, deganman.

- “Turkiston”dagi yillaringiz jurnalistik  faoliyatingizning eng muhim bosqichi bo‘lgan, deb aytolasizmi?

- Albatta, “Turkiston” meni jurnalist sifatida tobladi, ushbu gazeta menga sohaning eng nozik asrorlarini o‘rgatdi, professional jurnalistni shakllantirdi. Ammo mening ilk omadim – hali talabalikdanoq kuchli jurnalistlar davrasida ish boshlaganim bo‘lsa kerak. O‘zbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetida o‘qib yurgan kezlarimdayoq “Lenin uchquni” gazetasida ish boshlaganman. Aynan shu tahririyatda Hamza Imonberdiyev, Yoqut Rahimova, Abdusaid Ko‘chimov, Muyassar Otajonova kabi tajribali jurnalistlar bilan yonma-yon ishlash, ularning o‘gitlarini olish nasib etgan menga. Shu yerdagi nafaqat samimiy ijodiy muhit, balki qattiqqo‘llik ham menga bir umrlik saboq bo‘lgan. Ustozimiz Qulman Ochilov bitta maqolani kerak bo‘lsa, o‘n martagacha yozdirgan paytlari bo‘lardi.

- “Turkiston” gazetasining Samarqand, Navoiy, Buxoro bo‘yicha viloyat muxbiri bo‘lish ayol kishiga qiyin bo‘lmaganmi?

- Oson bo‘lmagan, albatta. Lekin yuqorida aytganimday, kasbimdan zavq olardim, odamlar bilan gaplashib, ularning hayotini tasvirlash, tanqidiy maqolalardan so‘ng muammolarning hal etilishi kishiga kuch berardi.

- O‘sha o‘tgan asrning 90-yillari har bir maqolangiz mashhur bo‘lgani haqida eshitganmiz.

- Bilasizmi, o‘sha yillari “Turkiston”dagi har bir maqola o‘qishli, dolzarb mavzularni ko‘tarib chiqqani bilan e’tiborli bo‘lardi. Ayniqsa, ustozlarimiz sarlavhalarga alohida e’tibor qaratar, hatto yaxshi sarlavhaga mukofot puli ham yozilardi. Qoidamiz ham shunga monand edi: sarlavha - yarim baho, familiyang – yuzing. Ya’ni, sarlavhani o‘zi maqolaga baho beradi, har bir maqola ostida esa o‘z imzoing bo‘ladi, shunga mos tarzda harakat qilish lozim. Doim shu qoidalarga amal qilganmiz. “Yuz”imizga dog‘ tushirmaslik uchun tinimsiz mehnat qilar, izlanardik. “Tinchlik ko‘chasidagi notinch yigit”, “Darvozaxonadagi ayol”, “Omonat qo‘yilgan g‘isht”, “O‘zim nur bo‘laman ko‘zlaringizga” kabi sarlavhalar shularning ba’zilari. 

- “Omonat qo‘yilgan g‘isht” maqolasi qahramonlari, ya’ni o‘qituvchilardan diktant olganingiz rostmi?

- Chekka tumanlardagi maktabdan u yerdagi ta’lim sifati pastligi, direktor pedagogikadan yiroq bo‘lgan o‘nlab qarindoshlarini  o‘zi ishlaydigan maktabga joylashtirgani bilan bog‘liq shikoyat kelib tushgandi. O‘rganish uchun borganimda shikoyatda keltirilgan vajlardan ham ko‘ra jiddiyroq muammolar borligiga duch keldim. Afsuski, tuman xalq ta’limi bo‘limidagilar ham ularni himoya qilib turibdi. Shunda mutasaddilarga o‘z tumanidagi kamchilikni yaqqolroq ko‘rsatish uchun o‘sha maktabdagi barcha pedagoglardan diktant olishlarini so‘radim. Diktantni tekshirish uchun boshqa maktabdan xolis o‘qituvchini chaqirtirdim. Diktanti bo‘yalmagan, to‘g‘rirog‘i “ikki” baho olmagan o‘qituvchi yo‘q edi, hisob. Shundagina xalq ta’limidagilar, direktor ham mulzam bo‘lib, o‘zini oqlay olmay qoldi. Umuman, maktabdagi haqiqiy ahvol direktorning xonasiga kirib borganimdayoq ma’lum bo‘lgandi. Direktor siniq stol-stulda o‘tirib, stuli ostiga g‘isht tirab qo‘ygan ekan. Nafaqat maktab ahvoli, balki ta’lim sifati ham omonat ekanligini anglatish maqsadida “Omonat qo‘yilgan g‘isht” sarlavhasi bilan maqola chop etildi.

- Siz shikoyatni o‘rganish uchun borgan hudud rahbarlari tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygan, deyishadi. Misol uchun, Navoiy viloyatiga borishingiz ma’lum bo‘lganda, mutasaddilar sizni aeroportda kutishgan, siz esa avtobusda borib, muammolarni o‘zingiz, rahbarlarsiz o‘rganishga kirishib ketgan ekansiz.

- Shunday voqealar ham bo‘lgan. Yuqorida aytganimday, har bir amaldor tanqidni xaspo‘shlashga, kamchilik­larni yashirishga urinadi. Shunday ekan, jurnalist bunday vaziyatda o‘z pozitsiyasini ko‘rsata olishi, ham odobini, jurnalist etikasini saqlagan holda, shuningdek, mavjud muammoni ham atroflicha, xolis o‘rganib kelishi lozim.

- Barcha tanqidiy maqolalaringiz albatta, ijobiy hal etilganmi? Birortasi e’tiborsiz qolmaganmi?

- Hal etilmay qolganlarini eslolmayman. Barchasining natijasi bo‘lardi va bu albatta, gazetada e’lon qilinardi.

- Nafaqat tanqidiy maqolalar, balki inson hayoti, faoliyati, kechinmalari bilan bog‘liq maqolalaringiz ham anchagina shov-shuv bo‘lganini eslaymiz. Deylik, o‘z joniga qasd qilayotgan ayollarni ko‘pchilik jamiyatga nisbatan isyon deb bong urgan bir paytda siz bu masalaga umuman boshqacha nuqtai nazardan yondashib, maqola yozgandingiz.

- O‘z joniga qasd qilish jamiyatga nisbatan isyon emas, ojizlik, deb tushunganman. Hozir ham bu borada fikrim o‘zgarmagan. Isyon o‘z joniga qasd qilish emas, o‘z ovozini, borligini bildirish, kurashish, intilishdir, aslo hayotiga nuqta qo‘yishga harakat emas. Bunga qarama-qarshi o‘laroq imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, yashash uchun kurashayotgan, oyog‘ida surat chizayotgan, qo‘lsiz bo‘lsa-da, tikish qilayotgan, oyoqsiz bo‘lsa-da, turli-tuman buyumlar yasab, go‘zallik yaratayotgan insonlarni, o‘zim suhbatlashgan qahramonlarni misol sifatida keltirganman. Maqolaga nisbatan ko‘plab munosabatlar bildirildi. Ko‘pchilik maqola orqali hayotga boshqacha nazar bilan qarashni o‘rganganini aytgan bo‘lsa, ular orasida nega ayol kishi bo‘la turib, ularni tushunish o‘rniga qoralaganimdan norozilik bildirganlar ham bo‘lgan. Yuzlab maktub olganman shu maqoladan keyin.

- Bir maqolangizdan so‘ng sizga suiqasd uyushtirishgani ham rostmi?

- Rost, lekin bu haqda gaplashmaganimiz ma’qul.

- Uyingizgacha borishgani, mashinada urib ketishga urinishgani va shundan so‘ng hayotingiz xavf ostida qolgani tufayli ancha payt ishga chiqmagansiz, bilishimizcha. Nega oradan o‘nlab yillar o‘tsa-da, bu haqda gapirishni istamayapsiz?

- Bu juda jiddiy tanqidiy maqola edi. Maqola e’lon qilingach, hatto respublika miqyosidagi rahbarlar ham bu masalaga aralashishgan edi. Maqoladagi faktlarni ularga isbotlab berganimdan so‘ng bir necha kishiga qamoq jazosi berilgan edi. To‘g‘ri, ba’zi urinishlar bo‘lganidan so‘ng tahririyat meni himoya qilish uchun bir muddat ishga chiqmasligimni ta’minladi, ke­yinchalik esa shikoyat o‘rganishga kamroq jo‘natadigan bo‘lishdi.

- Bugungi jurnalistikaning qaysi jihati sizga unchalik yoqmaydi, qaysi tomoni ma’qul?

- Tezkorlik oshgani, har bir voqea-hodisa o‘z vaqtida berib borilayotgani texnologiyalar bilan bog‘liq bo‘lsa-da, ammo jurnalistikaning ham yutug‘i. U o‘z-o‘zidan jurnalistlarni ham tezkor ishlashga o‘rgatdi. Ammo tahlil, u yoki bu voqeaga nisbatan chuqur yondashuvli maqolalar baribir kamroq. Jiddiy siyosiy tahlillar, jurnalistikaning qator janrlari yo‘qolib ketayozgani afsuslanarli.

- Suhbatingiz uchun rahmat.

***

P/S. Shu paytga qadar Gulchehra Aliboyeva hech qaysi nashrga intervyu bermagani rost. Negaligini so‘rganimda yelka qisib qo‘ya qoldilar. Bu odmilik ortida o‘zini ko‘z-ko‘z qilmaslikka intilish, yozgan maqolalari o‘z vaqtida kimgadir yordami tekkan, shuning o‘zi bilan taskin topgan matonatli jurnalist qiyofasini ko‘rish mumkin. Gulchehra opa “Turkis­ton” gazetasidan so‘ng “Xalq so‘zi” gazetasining viloyat bo‘yicha muxbiri, keyinchalik Samarqandda nashr etilgan “Registon” gazetasining muharriri vazifasida uzoq yillar faoliyat ko‘rsatdi.

Gulruh Mo‘minova suhbatlashdi.