Sukunat kunida nima qilish mumkin emas?
21-22 dekabr kunlari saylovlarda sukunat kuni.
Saylov kodeksining 44-moddasiga binoan saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bu nima degani?
Ya’ni, ertadan boshlab qaysidir partiya yoki nomzodga ovoz berishni targ‘ib qilish mumkin emas. Bundan tashqari, kodeksda belgilangan quyidagi tashviqot turlarini (shakl, usul) amalga oshirish taqiqlanadi:
- siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni o‘zining deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish;
- nomzod to‘g‘risidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish;
- omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, OAVlarda chiqishlar, roliklarni joylashtirish;
- saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish.
Ushbu taqiqlangan tashviqot turlari barcha ko‘rinishdagi bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallariga (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallar) hamda barcha OAVlarga va Internetga taalluqli.
Shuningdek, TV, radio hamda Internet saytlaridagi partiya reklamalari olinishi, PR maqolalarni chiqarish to‘xtatilishi, ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarda partiyalar yoki nomzodlarni targ‘ib qilib ma’lumotlar qoldirilmasligi, blogerlar ma’lum bir partiya yoki nomzodlar haqida (maqtov yoki tanqidligidan qat’i nazar) postlar yozmasligi, video yoki rasmlarni tarqatmasligi kerak.
Bundan tashqari, saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e’lon qilish (hammaga ma’lum qilish), shu jumladan, axborot tarmoqlariga, shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirish taqiqlanadi.
21-22 dekabr kunlari saytlarda, bloglarda hamda ijtimoiy tarmoqlarda «Qaysi partiyaga ovoz berasiz?», «Sizningcha, qaysi partiya g‘olib bo‘ladi?», «Qaysi partiya dasturi Sizga yoqdi?» va hokaz mazmundagi so‘rovnomalar o‘tkazish yoki avval o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasini e’lon qilish mumkin emas.
Nimalar mumkin?
Sukunat kuni degani, saylov haqida hech narsa yozib bo‘lmaydi, degani emas. Partiya yoki nomzodlarga ovoz berishni targ‘ib qilmaydigan (ularni maqtab yoki tanqid qilmaydigan), saylov haqida umumiy mazmundagi maqolalar, postlar, fikrlar bildirish mumkin (so‘rovnomalar mumkin emas).
Masalan, saylovga borish yoki bormaslik, ovoz berish tartibi haqida, saylov qonunchiligi to‘g‘risida va hokazo.