Sulton Husaynni “Husayn Boyqaro” deyish uchun tarixiy asos mavjud emas

Navoiy jahon adabiyotida eng yuksak o‘rinda turuvchi shoir. “Navoiy – jahon adabiyotining eng yuksak cho‘qqilaridan” biri deb ham nuqta qo‘yib bo‘lmaydi. Alisher Navoiy nafaqat jahon adabiyotida, balki jahon falsafasida ham eng yuksak maqomga munosib mutafakkirdir.

Boshqa bir misol, atoqli sharqshunos Ye.E.Bertels arab, fors va turk tillari qatorida bir necha Yevropa tillarini ham bilgan (risolalarida nemis, fransuz, ingliz, italyan va chex tillaridagi manbalarga havolalar bor). Shuning uchun unga Navoiyning umumbashariy tafakkurga qo‘shgan hissasi yaxshi ma’lum bo‘lgan. Muhimi, bu hissani Sharqu G‘arb mutafakkirlarining hissasi bilan qiyoslay olgan. Mana Ye.E.Bertelsning bahosi:

“Biz buyuk o‘zbek shoiri Navoiy hayoti va ijodining umumiy jihatlarini qarab chiqdik. O‘zining hamma kuchini bor imkoniyati bilan xalqqa xizmat qilishga sarflagan bu tolmas zahmatkashning hayoti ko‘z oldimizda gavdalandi. Birinchi navbatda, uning hayratomuz darajadagi ko‘pqirraliligini qayd etamiz: dono davlat arbobi, eng yirik olim, mutafakkir, rassom, musiqachi, qiyosi yo‘q so‘z ustasi.

…Uning hayoti uzluksiz mash’al bo‘lib yonish, har bir soniyadan donolik bilan foydalanishga intilish bilan o‘tgan. Va, natijalari haqiqatdan ham ulug‘dir” (“Navoi” risolasi so‘ngso‘zidan).

“Temuriylar mulkidagi madaniy yuksalish XV asrning eng yirik davlat arboblaridan biri, atoqli (vidayuщiysya) mutafakkir va shoir Alisher Navoiy rahbarligida amalga oshdi” (“Nizami” risolasi so‘ngso‘zidan).

Atoqli navoiyshunosning bu so‘zlari muayyan darajada V.V.Bartold fikriga qarama-qarshi bo‘lgani bilan alohida qadrli (bu borada quyiroqda bahs yuritilgan).

Buyuklar hayoti haqida badiiy to‘qima, afsonalar ham ko‘p bo‘ladi. Shubhasiz, Alisher Navoiy ham bundan xoli qolmagan. Bu maqolada biz u ulug‘ zotning buyukligi haqidagina emas, balki tarixiy asossiz shaxs nomi haligacha Navoiy nomi bilan bog‘lab kelinayotganiga dalillar asosida izoh bermoqchimiz. Adolat har yerda kerak - ijodda ham, ilmda ham.

 

Biri-biriga ustoz va shogird edi

“Hayrat ul-abror” mundarijasi bo‘ylab safarni davom ettiramiz. So‘z va uning ma’nisidan so‘ng Sulton Husaynga bag‘ishlov keladi. Unda albatta, Xuroson sultoni maqtab, ko‘klarga ko‘tarilgan. Bu ham Sharq poeziyasining an’anasi. O‘zbek she’riyatida hamon davom etib kelayotgan an’ana. An’ana ekan, demak, samimiy deyish qiyin. Faqat Navoiyda emas. Navoiyning Sulton Husaynga munosabati hamisha samimiy bo‘lgan. Buning tagida bir qancha omillar yotadi: Alisher xonadonining temuriylarga bog‘liqligi, ya’ni Navoiyning ota-bobolari temuriylarga xizmat qilib kelgani, bolalikdan Sulton Husayn bilan do‘stligi, maktabdoshligi, birgalikda Abulqosim Bobur saroyida xizmat qilgani, taxtni egallagach, Navoiyni o‘z huzuriga chaqirib olgani, yuksak mansablarga tayinlagani, ko‘pdan-ko‘p vaqf va boshqa mulk hadya etgani va hokazo.

Bu o‘rinda boshqa yana ham muhimroq omillarga e’tibor qaratish muhim.

Birinchidan, Navoiy Sulton Husaynni o‘zining ustozi deb bilgan (“Muhokamatul-lug‘atayn”; Q.Sodiqov tabdilida):

“Bu kamtar (Navoiy) ul hazrat (Sulton Husayn)ning pok nafasi xotirasini saqlab, ijrosi lozim bo‘lgan hukmlariga bo‘ysunib va farmonbarorlik qilib, ko‘nglimdan va tilimdan kelguncha, qalamim va qo‘limda kuch bor deb sezguncha ul hazratga qullik qilib va u qullik bilan o‘zimni saodatli va xursand sezib, hatto shogirdlik bilan o‘zimni sharafli, aziz, faxrli va boshi ko‘kka yetgan deb bildim”.

Chindan bu temuriyzoda Navoiydan 3 yosh katta bo‘lgan (bu farq bolalikda sezilarli bo‘ladi), she’riyatga ham avvalroqdan qiziqqan. Muhimi, do‘stini turk shoirlari Nizomiy, Dehlaviy, Hiloliy kabi fors tilida emas, balki o‘z ona tilida ijod qilishga undagan. Shuningdek, Navoiyda bolaligidayoq turkiy “Xamsa” yaratish orzusi uyg‘onishida ham Sulton Husaynning ta’siri bo‘lgani ehtimoldan yiroq emas. Aruz haqidagi dastlabki ma’lumotlarni ham undan o‘rgangan bo‘lishi mumkinligini istisno qilib bo‘lmaydi. Qayd etish lozimki, Sulton Husayn Alisherdan katta va temuriyzoda bo‘lishiga qaramay, u bilan do‘stlashib, do‘stlikni bir umr asraganki, bunday hodisa tarixda boshqa uchramaydi.

Ikkinchidan, Sulton Husayn Xuroson taxtini egallagach, 36 yil hukmronlik qilgan va bu davrda Iroqdan Balxgacha ulkan hududda nisbatan tinchlik va osoyishtalik hukm surgan. Bu davr ayniqsa, adolat ustuvor bo‘lgani bilan insoniyat tarixidagi noyob sahifalardan birini tashkil etadi. Bunda Navoiyning roli yaxshi ma’lum – qayerda adolatsizlik ro‘y bergan bo‘lsa, odamlar uchun Navoiyga murojaat etish imkoni bo‘lgan. Shu bilan birga, Navoiyning adolatli siyosati hayotga joriy bo‘lishi Sulton Husaynning adolatga moyilligi tufaylidir.

Mana shu omil natijasida Sulton Husayn saltanati jahon tarixidagi ilm, madaniyat va san’at gullab-yashnagan noyob davrlardan biri bo‘lgan. Ana shu muhit Navoiy ijodining samarasida naqadar muhim o‘rin tutganini ta’kidlashga hojat yo‘q.

Uchinchidan, Navoiy Sulton Husaynni qanchalik madh etgan bo‘lsa, sulton ham Navoiyni undan kam madh etmagan:

Erur so‘z mulkining kishvarsitoni,

Qayu kishvarsiton, xusravnishoni,

 

Dema xusravnishonki, qahramoni,

Erur gar chin, desang sohibqironi,

– bu baytlar Navoiyga bag‘ishlangan birinchi risoladan. Risolaning muallifi esa Sulton Husayn. Hukmdor tomonidan shoirga atab ilmiy risola bitilishi va bu kabi madh ham jahon tarixida misli ko‘rilmagan hodisadir.

Tokaygacha Boyqaro?

Navoiy haqida gap ketsa, mutlaq ko‘pchilik holda uning do‘sti, Xuroson podshohi Sulton Husayn Mirzo ham zikr etiladi. Bu tabiiy. G‘ayritabiiy holat shuki, bu temuriyzoda Husayn Boyqaro ismi bilan mashhur. Alohida ta’kidlaymiz – bizda, O‘zbekistonda. Holbuki, tarixda Husayn Boyqaro ismli shaxs o‘tgan emas.

Avvalambor, qat’iy qayd etish lozimki, bu hukmdorni ko‘rgan, uning davrida yashagan biron-bir tarixchi asarida u Husayn Boyqaro, deya zikr etilmagan.

Birinchi navbatda, sultonning “eng yaqin kishisi” (bu rasmiy unvon), din va davlat nizomi (bu rasmiy ism-sharif) Alisher Navoiy qalamiga mansub risolalarga murojaat etaylik.

“Badoyi’ ul-bidoya” devoni, “Xazoyin ul-ma’oniy” majmuasi va “Sittai zaruriya” qasidalar turkumining debochalarida, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Xamsat ul-mutahayyirin” risolalari hamda “Nazm ul-javohir” asarining kirish qismida Abulg‘ozi Sulton Husayn Bahodurxon;

“Majolisun-nafoyis”ning boshida Sulton Sohibqiron, unga bag‘ishlangan maxsus sakkizinchi majlisda:

Abulg‘ozi Sulton Husayn Bahodurxon;

“Mahbub ul-qulub”da:

Bari benavolar navosozi ul,

Hamul nav’-kim, Shah Abulg‘ozi ul,

Kelib ayni insonu insoni ayn,

Jahon vorisi Shoh Sulton Husayn.

“Munshaot” asarida bir necha o‘rinda Mirzo deya zikr etilgan. Masalan,
Mirzoga Temurbek to‘rtunchi nasabdur.

Sultonning o‘g‘illari zikr etilganda kunya bo‘lib kelgan:

Shoh Muhammad Badi’ ibni Muzaffar Husayn, Muzaffar Husayn ibni Sulton Husayn, boshqa o‘rinlarda esa sulton unvoni bilan cheklanilgan.

“Holoti Pahlavon Muhammad” asarida bir necha o‘rinda Sulton Sohibqiron va Sultonus-salotin deyilgan. “Munojot” asarida esa “Podshohi islom” deya zikr etilgan.

“Mezonul-avzon”da: Sulton Husayn Bahodurxon, Sulton Sohibqiron va Sultonus-salotin.

“Tarixi muluki Ajam”da:

Demay ayni insonki, insoni ayn,

Ham insonu ham ayn Sulton Husayn.

“Nasoyimul-muhabbat”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Mahbub ul-qulub”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Arba’in” asarlarida sulton nomi bevosita zikr etilmagan bo‘lib chiqdi.

Shunday qilib, Navoiyning nasriy asarlarida biror o‘rinda ham Husayn Boyqaro ismi uchramaydi.

“Xamsa” sarlavhalari ilmiy ahamiyatga molik manba sifatida qaralishi tabiiy. Ularda sultonning ismi qanday zikr etilganini ko‘zdan kechirib chiqamiz.

“Hayrat ul-abror”da: Abulg‘ozi Sulton Husayn Bahodurxon;

“Layli va Majnun”da kunya sifatida Sulton Badi’uzzamon Bahodur ibn Abulg‘ozi Sulton Husayn Bahodurxon;

“Sab’ai sayyor”da: Sulton Husayn Bahodurxon;

“Saddi Iskandariy”da: Shohi G‘oziy.

(“Farhod va Shirin”da sulton ismi bevosita zikr etilmagan.)

Endi she’rlarda sulton qanday nom bilan kelishini ko‘raylik. Navoiy do‘sti taxtni egallaganda unga Samarqand–Hirot yo‘lida yozgan “Hiloliya” qasidasini taqdim etgan. U aynan Mirzoga atalganki, ismi qanday bo‘lsa, shunday yozilgani tabiiy:

Shoh Abulg‘oziy saodat axtari Sulton Husayn

Kim, quyoshni zarra der ko‘rgan sipehri hashmatin.

Navoiyning qit’alaridan birida hukmdorning ismi aytilmay, “Shohi G‘oziy” deya zikr etilgan. “Sirojul-muslimin”da:

Ne shah Sulton Husayn ul shohi G‘oziy

“Minhojun-najot” qasidasida:

Abulg‘oziy shahi oliy guhar Sulton Husayn omad

Ki, omad xon bini xon to harimi Yofas o‘g‘loni.

“Nasimul-xuld” qasidasida:

Abulg‘oziy sipehri saltanat Sulton Husayn omad

Ki, to Odam buvad ajdodi Sulton ibni Sultonash.

“Fusuli arba’a” turkumidan “Bahor” qasidasida:

Abulg‘oziy sipehr saltanat Sulton Husayn on shoh

Ki, az daryoi jo‘dash qatra yobi bahru ummonro.

“Day” (kuz) qasidasida:

Nujumi kavkabi Sulton Husayni daryo-dil

Ki, bahri rif’ate o‘ro falak shudast hubob.

“Holoti Pahlavon Muhammad” manoqibida keltirilgan Pahlavon Muhammadga tegishli qit’ada:

Sulton Husayn xusravi g‘oziyki misli o‘

Hargiz nabuda dar sadafi ro‘zgordur.

Shoh as-t shahriyor, padar bar padarki hast,

Mansur Boyqaroyi Umarshayxi bin Temur.

“Layli va Majnun”da:

Din suratining alamtirozi,

Ya’ni Sulton Husayni G‘oziy.

“Sab’ai sayyor”da:

Shoh Sulton Husayn ibn Mansur,

Kim berib nusrati jahong‘a surur.

“Saddi Iskandariy”da:

Vujudidin ofoq aro zebu zayn,

Ulus xoni bin xoni Sulton Husayn…

Kelib saltanat ayn ul nuri ayn,

Badi’uzzamon ibni Sulton Husayn.

“Lison ut-tayr”da:

Abbadat ehsonahu Sulton Husayn

Shah Abulg‘oziy malo zulxofaqayn.

“Soqiynoma”ning birinchi qismi Sulton Husaynga bag‘ishlangan. Ammo Navoiy uning ismini zikr etmay “Jamshidi zamon” deyish bilan cheklangan.

“Favoyidul-kibar” devonida:

Ey Navoiy, nega ma’yus o‘lg‘ay ulkim, shohidur

Xusravi G‘oziy mu’izzi mulku din Sulton Husayn.

Navoiy “Xazoyin ul-ma’oniy”da bir o‘rinda (vazn va qofiya taqozosi bilan) Sulton Husayn ismiga Boyqaro ismini qo‘shib zikr etgan:

Navoiy ohi navoso zi shoh Abulg‘oziy

Sipehr martaba Sulton Husayn Boyqaro (“Navodirush-shabob”).

Bu baytda Navoiy Boyqaro deganda ismning tarkibiy qismini emas, balki sultonning kunyasini (bobosining ismini) nazarda tutayotgani aniq. Buni quyidagi bayt ham tasdiqlaydi:

Sen Navoiyg‘a vafo aylamasang, bor o‘lsun

Shah Abulg‘oziyi ibni Boyqaro, ey qorako‘z (“G‘aroyibus-sig‘ar”).

Bu o‘rinda ismlar bilan bog‘liq bir holatni qayd etib o‘tish maqsadga muvofiq. Tarixiy manbalarda sulton, sayyid, xoja, (a)mir, mirzo kabi so‘zlar ikki xil vazifa bajaradi. Birinchisi – unvon, mansab, ismi sharif. Masalan, sulton Abulqosim Bobur, sulton Ulug‘bek, ikkinchisi – ismning tarkibiy qismi, masalan, Sultonahmad mirzo dug‘lat, Sultonali Mashhadiy, Sultonali xobbin, Sultonmuhammad ko‘sa, Sultonhusayn arg‘un.

Temuriylar davrida odatda butun Movarounnahr yoki butun Xurosonni boshqargan hukmdorlar “sulton” unvoni bilan atalgan, boshqalari mirzo unvoni bilan cheklangan. Xo‘sh, Sulton Husayn ismida birinchi so‘z ismmi yoki unvon?

Javob: bu hukmdorning asl ismi Sultonhusayn, unvoni ham sulton. Shuning uchun sulton Sultonhusayn deb yozilishi kerak (Sultonali yozilgani kabi). Ammo bu g‘aliz bo‘lgani uchun sulton o‘rniga shoh, sultonus-salotin kabi unvonlar yoki Abulg‘oziy kunyasi qo‘shilgan. Navoiy asarlarida “shoh Sulton Husayn” iborasi juda ko‘p uchraydiki, “sulton” so‘zi ismning tarkibiy qismi ekanligiga yana bir dalil. Chunki Husayn Mirzoni ism deb, unga ham shoh, ham sulton unvonini baravar qo‘shish mantiqqa zid (sulton va shoh so‘zlari sinonim – biri arabcha, biri forscha xolos). Shu kabi yana bir ism – Xalilsulton mirzo. U qisqa muddat taxtda o‘tirgani uchun sulton Xalilsulton deb ham atalgan va bu holda g‘alizlik yo‘q.

Bayon qilinganlardan kelib chiqib, an’anaga ko‘ra Sulton Husayn deb yozilsa ham biz ismni, ya’ni Sultonhusayn degan tarixiy shaxsni nazarda tutamiz.

Shunday qilib, “Husayn Boyqaro” iborasida bir emas, ikkita xato bor: asl ismning “sulton” qismi olib tashlangan va akasi (yoki bobosi)ning ismi tirkalgan.

Sulton Husayn Mirzoning shajarasi:

Bu shajara “Soqiynoma”ning 15-qismini izohlab beradi:

Soqiyo, tut qadahi miynoyi

Kim, ulus ahlin etar shaydoyi…

Bo‘lsa chun boda uchun bazmoro

Sulton Vays ibni Boyqora…

Bo‘lsun uchmoq ora Haqdin mag‘fur,

Otasi Boyqora ibni Mansur.

Ko‘rinib turibdiki, she’r Sulton Husaynning jiyaniga bag‘ishlangan. (So‘nggi bayt tabdili: Sulton Vaysning otasi Boyqaro ibn Mansurni Alloh mag‘firat qilib, jannat ato etsin.)

Shunday qilib, tarixda ikkita Boyqaro Mirzo ismli temuriyzoda o‘tgan: biri Sulton Husaynning bobosi – Pahlavon Muhammad qit’asida zikr etilgan, ikkinchisi Sulton Husaynning akasi (vafotigacha Balx hokimi bo‘lgan). Bu haqda “Soqiynoma”da tilga olingan.

Xulosa: Alisher Navoiy o‘z asarlarida biror o‘rinda ham Husayn Boyqaro ismli shaxsni tilga olmagan va biror o‘rinda ismning “Sulton” tarkibiy qismini tushirib qoldirmagan.

Endi Navoiyning shaxsiy kutubxonachisi bo‘lgan tarixnavis Xondamirning guvohligiga murojaat etaylik.

“Makorim ul-axloq”dan: …cheksiz kuch-qudrat egasi bo‘lgan, … saltanat, dunyo va dinni aziz qilgan zot (ya’ni Alloh – A.A.)ning ehsoni Abulg‘oziy Sulton Husayn Bahodurxonning so‘z san’atiga oshno tab’i…

Bu o‘rinda Xondamir sultonning to‘liq ismi sharifini keltirgan. Ko‘rinib turibdiki, shaxsning ismi Sulton Husayn, Abulg‘oziy – kunya, Bahodurxon – laqab. Asarning boshqa o‘rinlarida Sohibqiron Sulton, Hazrati Sulton kabi nomlar bilan cheklanilgan.

Xondamirning “Habibus-siyar va axbori afrodi bashar” kitobida Xuroson hukmdori bilan bog‘liq voqealar “G‘alaba tug‘li, saltanat va davlatni sharaflantiruvchi mansur xoqon Abulg‘oziy Sulton Husayn Mirzoning ahvoli va vasfidan bir bo‘lagining zikri” sarlavhali bobdan boshlanadi.

Keyingi bobda uning nasabi keltiriladi: …otasi culton G‘iyosiddin Mansur bin Amirzoda Boyqaro bin Umarshayx Bahodir bin Amir Temur Go‘ragondir.

Xulosa: Navoiy va Sulton Husayn davrining shohidi va eng yirik tarixchisi bo‘lmish Xondamir asarlarida biror o‘rinda ham “Husayn Boyqaro” degan shaxs uchramaydi, hamma o‘rinda “Sulton Husayn” deya zikr etiladi.

Endi temuriylar to‘g‘risida eng xolis ma’lumotlar qoldirgan Zahiriddin Muhammad Bobur guvohligiga murojaat etaylik. Biz qiziqayotgan tarixiy shaxs ismi birinchi marta “Boburnoma”ning hijriy 905 yil voqealari bobida zikr etiladi: “Sulton Husayn mirzodek mardona va sohib tajriba podshoh bizga madad qilmay…”.

Hijriy 911 yil voqealari bobida “Sulton Husayn mirzo Shayboqxonning ustiga cherik tortgani” munosabati bilan Bobur bu qarindoshi to‘g‘risida maxsus to‘xtaladi:

Valodat va nasabi: valodati sekkiz yuz qirq ikkida Hiriyda Shohrux mirzo zamonida edi. Sulton Husayn mirzo binni Mansur binni Boyqaro binni Umarshayx binni Amir Temur. Bir tuqg‘on ikki o‘g‘il, ikki qiz edilar: Boyqaro mirzo, Sulton Husayn mirzo, … Boyqaro Mirzo Sulton Husayn mirzodin ulug‘ edi va navkari edi.

Boburning “Aruz” risolasida ham faqat Sulton Husayn Mirzo deb zikr etilgan.

Xulosa: Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida biror marta bo‘lsin Husayn Boyqaro ismli temuriyzoda tilga olinmagan.

Sulton Husaynga zamondosh Davlatshoh Samarqandiy, Mirxond va boshqa mualliflar asarlarida ham biror o‘rinda bo‘lsin “Husayn Boyqaro” ismi uchramaydi.

Nihoyat, hal qiluvchi ahamiyatga molik, o‘ta muhim shahodat beruvchi – Sulton Husaynning o‘zidan. Bu Xuroson hukmdorining nechta farmoni davrimizgacha saqlanib qolganini bilmaymiz. (Hirotdagi Ixtiyoriddin qal’asi bugun muzey. Uning fondlarida hamda Mashhadda bunday hujjatlar saqlanayotgan bo‘lishi mumkin. Afsuski, sulton vafotidan so‘ng uning no‘noq o‘g‘illari otasining maktub va farmonlarini jamlab, mushaf qilishni o‘ylamaganlar.)

Abdulvosi’ Nizomiyning “Maqomoti mavlono Jomiy” asarida bir farmon – Jomiyning Hajga jo‘nashi munosabati bilan bitilgan shahodatnoma, Xondamirning “Makorimul-axloq” asarida bir farmon – Navoiyning Hajga otlanishi munosabati bilan bitilgan shahodatnoma matni keltirilgan. Har ikki farmon matni forscha bo‘lsa ham unvon “Bizki, Abulg‘ozi Sulton Husayn so‘zimiz…” iborasi bilan boshlangan.

Bunga qo‘shimcha yana bir dalil: Sulton Husayn “Risola” asarida hamd va durud qismlaridan so‘ng o‘zini shunday tanishtiradi: “Bu raqamning roqimi va bu tahrirning muharriri (ya’ni risola muallifi):

Surgan bu varaq yuziga xoma,

Purg‘amzadai siyohnoma,

al-muhtoju ila rahmatillohi-l-maliki-l-g‘afuri faqiri xaqir Sulton Husayn bin Mansur sattarallohu uyubahu va g‘afuri zunubahu mundoq bayon qilurkim…”.

Sulton Husaynning Husayn Boyqaro emas, Sulton Husaynligiga yana qanday dalil talab etiladi?

Xulosa: Sulton Husaynni Husayn Boyqaro deyish uchun tarixiy asos mavjud emas.

 

Husayn Boyqaro ismi qayerdan keldi?

“Husayn Boyqaro” ismi Navoiy va Sulton Husayn vafotidan keyingina paydo bo‘lgan.

Xo‘sh, qanday qilib Sulton Husayn Mirzo Husayn Boyqaroga aylanib qolgan? Bu savolga javob topa olmadik. Bu mashhur g‘alat anchadan buyon mavjudligi aniq. Olim Sharafiddinovning 1939 yilda bosilib chiqqan “Alisher Navoiy” risolasida Mansur Mirzoning o‘g‘illari chalkashtirilgan: “Abusaid Mirzo Xurosonni qo‘lga kiritgan yillarda bir yosh va g‘ayratli shahzoda unga raqib sifatida maydonga chiqqan edi. Bu temuriy Husayn Mansur o‘g‘li Boyqaro edi”. (Mansur Mirzoning o‘g‘li Boyqaro mirzo taxt uchun kurashmagan. Olim Sharafiddinov Sulton Husaynni Boyqaro deb atamoqda.) Shundan so‘ng matnda Sulton Husayn va Husayn Boyqaro ismlari aralash qo‘llangan.

Taxminimizcha, o‘zbek adabiyotshunoslari “Husayn Boyqaro” ismini ozarbayjon olimlaridan o‘zlashtirgan – XX asr boshlaridan Navoiy ijodini o‘rgana boshlagan Ismoil Hikmat va Fuod Ko‘pruluzoda maqolalarida Sulton Husayn ismi buzib yozilgan.

Sulton Husayn Boyqaro ismi XIX asrda yashagan shoir Ado g‘azalida keladi. Biroq u Boyqaro deganda ismni nazarda tutganmi yoki sultonning kunyasini – aniqlab bo‘lmaydi.

Bunday rasm, ya’ni Sulton Husayn bilan Husayn Boyqaro ismlarini aralash qo‘llash bugungi ilmiy maqolalar uchun odatiy holga aylangani achinarli. Misol uchun, fundamental nashr – “O‘zbek adabiyoti tarixi”ning Navoiyga bag‘ishlangan jildida 28-sahifagacha Sulton Husayn deyilgan bo‘lsa, shu sahifadan Husayn Boyqaro deyila boshlagan.

Bugun endi professional navoiyshunoslar ham bu mashhur g‘alatni erkin qo‘llamoqda. Misol uchun, aynan “Boburnoma”da biror o‘rinda Husayn Boyqaro degan ism uchramasa-da, 2020 yil fevralda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti o‘tkazgan “Intellektualnoye naslediye Zaxiriddina Muxammada Babura i sovremennost” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyadagi ma’ruzalardan biri “Obraz A.Navoi i X.Baykara po “Baburname” deb atalgan.

Bu kabi xato Wikipedia internet qomusidan joy olganiga nima deysiz?!

Ruscha versiyada:

Xuseyn Baykara (pers. حسین بایقر / Husayn Bāyqarā) Abu-l-Gazi Xuseyn Mirza ibn Mansur ibn Baykara, boleye izvestniy kak Xuseyn Baykara ili Sultan Xuseyn, 1438, Gerat, — 4 maya 1506, Baba-Ilaxi, bliz Gerata) — pravitel Xorasana (s 1469 goda do konsa jizni) so stolitsey v Gerate iz dinastii Timuridov, poet (pod psevdonimom Xusayni).

Inglizcha versiyada:

Sultan Husayn Bayqara Mirza (Persian: حسین بایقرا‎ / Husayn Bāyqarā; June/July 1438 – 4 May 1506) was the Timurid ruler of Herat from 1469 until May 4, 1506, with a brief interruption in 1470.

Wikipedia talabiga ko‘ra, har bir ma’lumot uchun manba ko‘rsatilishi lozim. Demak, ma’lumotni tayyorlagan kishi bevosita manbalarga asoslanmagan.

Sulton Husaynni Husayn Boyqaro deb chalkashtirish shu qadar ongimizga singib ketganki, hatto tarixiy manbalarni nashr qilishda ham qalamimiz toyib ketaveradi. Misol uchun, “Navoiy zamondoshlar xotirasida” to‘plami asosan tarixiy manbalarning o‘zbek tiliga tarjimalaridan tuzilgan. Bu to‘plamning nashr etilishi nihoyatda foydali, savob ish bo‘lgan. Tarixiy manbalarda hamma o‘rinda Sulton Husayn deyilgan, albatta. Ammo “Dasturul-vuzaro”dan olingan parcha tarjimasida “a’lo hazrat Sulton Husayn Boyqaro” deb ketilgani – azbaroyi o‘rganib qolingani sababli tarjimonning qo‘li “o‘zidan-o‘zi” “Boyqaro” so‘zini qo‘shib ketgan. Holbuki, aslida asardagi ism – Sulton Husayn.

Hatto Bertelsday alloma ham “Xamsa”ning ruscha nashriga yozgan so‘zboshisida izchil “Sulton-Xuseyn” degani holda, bir o‘rinda “Sultan-Xuseyn Baykara” deb ketgan.

Sulton Husayn hayoti va ijodiga bag‘ishlangan risolachalarning birida bu tarixiy shaxs ismi Husayn (nafaqat sultonning ismi shariflari, hatto ismining tarkibiy qismi ham tashlab ketilgan), Husayn Bayqaro, Husayn mirzo, Husayniy (shoir sifatida) kabi nomlar bilan yozilgani holda, biror o‘rinda tarixiy manbalardagi ismi aytilmagan.

“Husayn Boyqaro” ismi yurtimizda Oybekning “Navoiy” romani hamda Izzat Sulton va Uyg‘unning “Alisher Navoiy” dramasi sababli yanada keng tarqalib, alal oqibat, Sulton Husayn mirzo ismini muomaladan deyarli siqib chiqardi.

O‘rta va oliy ta’lim adabiyot darsliklarida Sulton Husayn o‘rniga Husayn Boyqaro yozilishi esa me’yor darajasiga yetgan. Buning oqibatida bir necha avlod uchun Sulton Husayn ismli tarixiy shaxs ma’lum va mavjud emas.

Boshqa tomondan, o‘z tadqiqotlarida faqat ishonchli ilmiy manbalarga tayanadigan xorijlik olimlar asarlarida “Husayn Boyqaro” ismi uchramaydi. Xususan, O‘zFAning muxbir-a’zosi bo‘lgan A.K.Borovkov tomonidan tuzilgan “Alisher Navoi” to‘plamida (1946 yil) biror o‘rinda ham “Husayn Boyqaro” deyilmagan. Xuddi shu davrda Toshkentda chop etilgan “Velikiy uzbekskiy poet” to‘plamida esa (1948 yil) har ikki ism aralash keladi. Ilmda ishonchli tarixiy manbalarga asoslanish metodologiyasiga amal qiluvchi mutaxassislar o‘zbek olimlarining risola va maqolalarida “Husayn Boyqaro” ismini uchratsa, “Kim bo‘ldi ekan?” deya taajjubga tushsalar kerak. Hatto, bu kabi g‘ayriilmiy “ixtiro”dan istehzo qilsalar ham ajab emas. Har qancha achchiq bo‘lmasin, tan olish kerakki, bunda ular haq bo‘ladilar.

Xullas, tarixiy shaxs – Sulton Husayn mirzo, “Husayn Boyqaro” esa badiiy obraz. Sho‘ro mafkurasi talabi bilan bu obraz ommaga imkon qadar qoraroq tuyulishi uchun targ‘ib qilingan ism.

Adib va jurnalistlar-ku, tutganini qo‘ymasalar kerak. Jilla qursa, ilmiy tadqiqotlarda buyuk temuriyzoda u yashagan davrga oid tarixiy manbalardagi ismi bilan atalishi shart, deb hisoblaymiz. Zotan, Sulton Husayn taxtda o‘tirgan yillar insoniyat tarixidagi madaniyat gullab-yashnagan davrlardan biri bo‘lgan. U zot garchi, Hirotda tug‘ilgan bo‘lsa-da, biz – o‘zbeklarning ajdodi. Jilla qursa, Alisher Navoiy ustozim degani uchun ham uni ota-bobosi qo‘ygan ism bilan atashga burchlimiz.

Sulton Husayn ismli buyuk temuriyzodani “Husayn Boyqaro” deyish g‘ayriilmiy bid’at, tarixga nisbatan hurmatsizlik, uni soxtalashtirishning bir namunasidir.

Abdulla A’ZAM,

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi.