"Sulton mening asirim emas, mehmonim bo‘ladi"
Tarixiy haqiqatga asoslangan kitob
Ana shunday asarlardan biri ozarbayjon yozuvchisi Yunus O‘g‘uzning "Amir Temur" tarixiy romanidir. Uni mutolaa qilsangiz, o‘qish zavqi vujudingizni qamrab oladi. Ulug‘vor siymosi ko‘nglingizni faxr tuyg‘ulariga to‘ldiradi.
Ushbu dilogiyaning "Yuksalish sari" deb nomlangan birinchi kitobida Sohibqiron Amir Temurning hayotidagi eng muhim voqealar – Hindistonni zabt etishi, "Dunyoning hukmdori", deb nomlangan ikkinchi kitobida esa jahongirning Kichik Osiyoga qo‘shin tortib, bir qator Sharq mamlakatlarini o‘ziga bo‘ysundirgani, bu ulkan hududda eng qudratli hukmdor bo‘lib, hatto Yevropaga tahdid solib turgan turk sultoni Yildirim Boyazid ustidan g‘alaba qozonishi va dunyoning adolatpesha hoqoniga aylanishi yuksak badiiy mahorat bilan tasvirlangan. Yunus O‘g‘uz tarixiy manbalarga asoslanib, Amir Temurning jahon tarixi sahnasida tutgan o‘rni, insoniyat tamaddunidagi ulkan xizmatlarini xolis va haqqoniy yoritib bergan.
Amir Temur bir so‘zli, mard va jasur, o‘ziga ishonchi baland, qat’iyatli va shijoatli, uzoqni ko‘ra biladigan inson bo‘lganligi asarda sezilib turadi. Uning bu xislatlarini yozuvchi bir lavhada shunday ifodalaydi:
"– Qurultoy seni Ulug‘ Amir etib sayladi. Xo‘sh, bundan keyin nima qilmoq niyating bor?
Ustozi nuroniy Sayyid Barakaning bu savoliga Temur javobni cho‘zib o‘tirmadi.
– Butun Turonni qilichim bilan birlashtiraman. Uning avvalgi qudratini tiklayman!...".
Donishmand strateg
Asarni o‘qir ekansiz, buyuk Sohibqironning donishmand strateg, o‘tkir zehnli taktik sarkardaligiga yana bir karra ishonch hosil qilasiz. Qudratli saltanati tinchlik-osoyishtaligi, uning sarhadlari daxlsizligini saqlash, mustaqilligiga tahdid soluvchi mamlakatlarga qarshi urush olib borishda hech qachon shoshma-shosharlik bilan ish tutmagan. Yurishdan oldin uning barcha ikir-chikirlarigacha puxta ishlab chiqqan. Niyatini qat’iy sir saqlagan. Temurning bu donishmandligi uning bosqinchilikni, begunoh qon to‘kishni to‘xtatish, o‘zini tan olish, dunyoda tinchlikni saqlash haqidagi talabini Boyazid rad etganidan keyin unga qarshi yurishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Yildirim Boyazid Amir Temurnikidan son jihatdan bir baravar ko‘p ulkan qo‘shinga ega edi. Shunga qaramay, Amir Temur takliflariga bepisandlik bilan "Sen kim bo‘libsanki, menga aql o‘rgatasan", qabilida haqoratomuz javob bergan Boyazidga qarshi qo‘shin tortishga qaror qiladi. Ammo qudratli dushman qo‘shinini faqat kuch ishlatib, mahv qilib bo‘lmasdi. Temur Anqaraga dushman ichiga savdogarlar qiyofasida o‘z shaxsiy xufyalarini yuborib, qo‘shin soni, jangovar holati, tosh qal’aning mustahkam istehkomini qaysi joydan yorib o‘tish mumkinligi kabi maxfiy ma’lumotlarni to‘playdi. Ularning haqqoniyligini saltanatiga kelgan xorijiy savdogarlarning ma’lumotlari bilan taqqoslab, tekshirib ko‘radi. Qo‘shin jangovarligini oshiradi, oziq-ovqat, ot-ulov, yem-xashakning mustahkam zaxirasini yaratadi. Yengilmas deb tan olingan dushman qo‘shinini qanday qilib, oz talofat bilan yakson qilish taktikasi ishlab chiqiladi.
Falabani ta’minlagan taktika
...Nihoyat kutilgan dam keldi. 1402 yil bahorida Sohibqiron Amir Temurning ulkan qo‘shini dushmanga qarshi urushga qo‘zg‘aldi. Yildirim Boyazid qarorgoh qurgan Anqara qal’asi juda mustahkam, qo‘shin soni Amir Temurnikidan ko‘p bo‘lsa-da, o‘z qudratiga qattiq ishonish, shuhratparastlik va kalondimog‘lik sultonga pand berdi.
1402 yil 20 iyul tongida bir-biriga qarshi turgan ikki ulkan qo‘shin dahshatli shovqin-suron bilan jangga kirdi. Yeru ko‘kni chang-to‘zon qopladi, otlarning kishnashi, qilichu sovutlarning jarangi, jangchilarning hayqirig‘i, yaradorlarning dod-voyi olamni tutdi, kim dushman, kim o‘ziniki bilib bo‘lmasdi. Dunyoga hukmdorlikka da’vogar ikki qudratli kuch to‘qnash kelgandi. Temur lashkarlari son jihatdan ustun turk qo‘shinining siquviga dosh berolmay, orqaga chekina boshladi. Falaba endi o‘ziniki bo‘lishiga Boyazidning ishonchi komil edi. Ammo kutilmaganda orqa va yon taraflardan xuddi yer yorig‘idan chiqqanday Temur jangchilari paydo bo‘lib, dushmanni o‘rab oldi. Sohibqironning pistirmaga qo‘yilgan jangovar bo‘linmalari jangga kirgandi.
"...Hukmdor safar taxtiga bardam chiqib joylashdi. Endilikda bu taxt dunyo hukmdoriga aylangan Sohibqiron Amir Temurning taxti edi.
– Olib kiring!
Asirlar olib kirilganda, ular orasida bandi qilingan sulton Yildirim Boyazid ham bor edi. Kiyimlari yirtilib ketgan, shiddati butunlay so‘nib qolgan edi. Ammo hamon mag‘rur turardi".
Kuch – adolatda
Bu shiorni o‘ziga tug‘ qilib olgan Sohibqiron rahm-shafqat va adolatda ham benazir hukmdor edi. Uning muruvvatidan huzuriga olib kelingan asirlar ham benasib qolishmadi.
"Kishanband Yildirim Boyazid na salom berdi, na ta’zim qildi.
Temur unga boqqancha xayolga toldi: "Hamma narsasini – ozodligi, hokimiyati, ahli oilasi, bor-yo‘g‘ini boy berdi. Farib bo‘lsa ham hamon mag‘rur, bosh egmay turibdi. Bunday kishilar hurmat va ehtiromga loyiqdir".
Soqchilarga buyurdi:
– Yeching uning qo‘llarini! ...Sulton mening asirim emas, mehmonim bo‘ladi. Boyazidning chodiri mening chodirim yoniga tikilsin va liboslari yangilansin!".
Temur Boyazidning oila a’zolari – malika va o‘g‘il-qizlariga ham shunday shafqat, muruvvat ko‘rsatadi. Mag‘lub g‘animga bunday rahm-shafqat tarixda birorta g‘olibda bo‘lmagan. Ulug‘ Sohibqironning buyukligi ham shunda edi-da!
Famxo‘r sarkarda
Asarda Amir Temurning donishmand hukmdorligi, buyuk sarkardaligi uning ulkan qo‘shinga g‘amxo‘rligi, jangchilar o‘rtasida qat’iy adolat, tartib-intizom, bekamu-ko‘st moddiy ta’minot, rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yilganida ham namoyon bo‘ladi. Jumladan, jangchilarga maoshlari o‘z vaqtida to‘langan, o‘lja har kimning hissasiga qarab taqsimlangan va maxsus aloqa xizmati tomonidan egalarning uylariga yetkazilgan, jangchilar oilasiga rag‘bat sifatida yer-suv ajratilgan. Jangda shahid bo‘lganlar oilasi saltanat qaramog‘iga olinib, umrbod tomorqa yer bilan ta’minlangan. Shuning uchun ham askarlar ulug‘ hukmdorni sevishgan, unga ishonishgan, sadoqat bilan xizmat qilishgan. Adolatli yurishlarida uning uchun qurbon bo‘lishni o‘zlariga sharaf, deb bilishgan.
Bu tushunarli, albatta. Ulkan aql-zakovat sohibi dunyoni zabt etgan qudratli qo‘shinni zulm, zo‘ravonlik, qo‘rqitish, jazolash bilan qo‘lda ushlab turish mumkin emasligini yaxshi bilardi.
"Amir Temur" romanining muvaffaqiyati shundaki, yozuvchi ulug‘ Sohibqiron shaxsi, hayoti va faoliyatiga doir tarixiy manbalarni chuqur o‘rgangan, xolis tahlil etgan, haqqoniy baho bergan. Tarixiy voqealar jonli, shirali tilda badiiy vositalar yordamida haqqoniy tasvirlangan.
Bir kitobxon sifatida yaxshi asar mutolaasi kishi ongu tafakkurini yanada nurlantirishi, qalbda nozik his-tuyg‘ular uyg‘otishi, ruhiy-ma’naviy zavq bag‘ishlab, ezgu ishlarga undashiga amin bo‘ldim.
Tog‘aymurod ShOMURODOV.