«Sumkangizni oching, iltimos…»

Hayot o‘zi juda oddiy va tushunarli jarayon. Faqat biz uni ko‘rib turib, anglashga hafsala topmaymiz. Donishmandlar «Saboq hamisha oyog‘ing ostidadir», deb bejiz aytishmaydi. Buni men o‘z hayotimda ko‘rdim.

O‘g‘ilcham kichkina edi. Uni har kuni bog‘chadan olganda tarbiyachi opasi nima o‘rgatgani-yu, nima ovqat yeganini so‘rashdan nariga o‘tmasdim. Yashirib nima qilamiz, hatto ko‘pchiligimiz bolakaylarni bog‘chada o‘rgangan yozuv yoki o‘yinini, she’rini takrorlashga chorlamaymiz, negaki sho‘xlik qilmasa, bas.

U bilan har kuni bolalar bog‘chasidan piyoda qaytamiz. Bir kuni deng, yo‘lakda bir ayol dimlangan makkajo‘xori sotib o‘tirgan ekan. O‘g‘ilchamning havasi keldi. Olib berdim. U maza qilib yedi. Yeb bo‘lgach, jo‘xori so‘tasini yo‘lak tomondagi ariqchaga tashlab yubordi. Gapirishga ulgurolmay qoldim: nima qilsam… Bu harakati uchun unga yomon qarab qo‘ygan bo‘lsam-da, bola xatosini tuzatishga urinmadi. So‘ng ota-onam o‘rgatgan ishni qildim – o‘g‘limga qo‘lidagi chiqindini tashlash madaniyatsizlik ekanligini tushuntirdim. Keyin uni ataylab bu joydan uzoqroq olib ketdim. Ancha ketgandan keyin esa yana o‘sha joyga yetakladim. Bola tushungandek bo‘ldi va haligi joyga kelib, makkajo‘xori so‘tasini qo‘liga oldi hamda uyga kelib, maxsus chelakka tashladi.

O‘shanda qilgan tarbiyam menga tajriba, o‘g‘limga esa bo‘lgan voqea saboq vazifasini o‘tadi. Ishoning, u o‘shandan buyon duch kelgan joyga chiqindi tashlamaydigan bo‘ldi.

Albatta, hayot davom etadi. U bizni o‘z xatolarimiz bilan ulg‘aytirib, ­tarbiyalab boraveradi.

Bu gal nevaram bilan hamrohmiz. Uni atrofimizdagi shinam joylarda sayr qildiraman. Tabiiyki, so‘ragan narsasini do‘konlardan olib ham beraman. Bir gal unga shirinlik olib berdim. Uni yeb bo‘lgach, qadog‘ini g‘ijimlagan bo‘lib, yo‘lak chetiga tashladi.

- Unday qilma, bolam!

- Hech kim ko‘rmadi-ku, buvi, ertaga baribir yo‘lakni supurib, tozalashadi.

- Bu noto‘g‘ri, kimdir ko‘rib turgan bo‘lsa nevarangiz madaniyatsiz ekan, deydi!

Shundan so‘ng nevaram tashlagan idishni yerdan ko‘tardim, lekin to‘rt tomonga qaraymanki, chiqindi tashlaydigan maxsus idish yo‘q. Natijada uni sumkamga solishga majbur bo‘ldim. Bu holni ko‘rgan nevaram xiyol uyalgandek ham bo‘ldi.

Boshqa bir kuni sayrga chiqqanimizda u o‘rtoqlari bilan o‘ynar, men esa qo‘shni ayollar bilan suhbatlashib turardim. Shu payt huzurimizga nevaram yugurib keldi.

- Buvijon, sumkangizni oching!

- Nega, tinchlikmi?

- Mana bularni solaman.

U shokolad va muzqaymoq qutilarini qo‘lida ushlab turardi.

- Kimdir biz o‘ynayotgan joyga tashlab ketibdi. Madaniyatsiz ekan, buvi!

Yashirmayman, yonimdagi ayollarning havasi keldi. Ehtimol ularga ham saboq bo‘lgandir. Men esa nevaramning bu xislatidan quvondim. Vaqti kelganda bolamiz ham bizga saboq bera olishiga ishonch hosil qildim.

Gulnora XOLDOROVA.