Sun’iy intellekt tarixiy matnlarni ham tiklamoqda

Bugun qadimiy matnlarni tiklash sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida katta taraqqiyot sari qadam tashlamoqda. Chunki bu raqamli davr tarixiy matnlarni tiklash jarayonini aniq va samarali qilishga ko‘maklashuvchi vositalarni taqdim etayotir. Algoritmlar imkoniyati yozma merosni asrashga yondashuvimizni o‘zgartirib, tarixiy hujjatlarni misli ko‘rilmagan darajada o‘rganish imkonini bermoqda.
Sun’iy intellektning sohadagi muhim afzalliklaridan biri shikastlangan yoki to‘liq bo‘lmagan matnlarni talqin qilish va to‘ldirish qobiliyati sanaladi. Nusxa bo‘yicha aniqlash tizimi yozuv kontekstini tahlil qilib, vaqt o‘tishi bilan yo‘qolgan so‘zlar yoki parchalarni tiklashga yordam beradi. Bu nafaqat axborotni saqlashni ta’minlaydi, balki yo‘qolib ketgan bilimlardan foydalanish imkoniyatini yaratmoqda. Masalan, Italiyaning Herculaneum shahrida topilgan qadimiy papiruslar asrlar davomida o‘qilmay kelgan. 2023 yilda “Vesuvius Challenge” loyihasi doirasida olimlar sun’iy intellekt va 3D rentgen texnologiyalari yordamida ushbu papiruslarni virtual ravishda “ochiqlash”ga muvaffaq bo‘ldi. Natijada faylasuf Filodemga tegishli “Nuqsonlar haqida” asari aniqlanib, muallif va asar nomi tasdiqlandi. Bu yutuq tarixiy matnlarni tiklashdagi muhim qadam bo‘ldi.
Google DeepMind va Oksford universiteti tadqiqotchilari tomonidan ishlab chiqilgan “Pifiya” modeli sun’iy neyron tarmoqlar yordamida shikastlangan qadimgi yunon yozuvlarini tiklashda ishlatilyapti. Ushbu model, PHI-ML deb nomlangan katta hajmdagi yunon yozuvlari korpusida o‘rgatilgan bo‘lib, epigrafchilarga nisbatan ancha past xatolikka yo‘l qo‘yadi. “Pifiya”, ayniqsa, toshga o‘yilgan yozuvlarni tiklashda samarali yordamchi vosita sifatida xizmat qilmoqda.
Shu haqda O‘zbekistonning qadimgi shahar xarobalari (masalan, Afrasiyob, To‘proqqal’a, Kampirtepa)da topilgan yozuvli yodgorliklarni misol qilish mumkin. Ular hali to‘liq o‘qilmagan va talqin qilinmagan. Ularni sun’iy intellekt yordamida o‘rganish mamlakatimiz tarixini yangicha ma’lumotlar bilan boyitadi.
Tarixiy hujjatlardan foydalanish nafaqat olimlar, balki jamoatchilik uchun ham manfaatli. Sun’iy intellekt texnologiyasi jismoniy va madaniy to‘siqlarni yengib o‘tib, dunyo bo‘ylab odamlarning tarix bilan muloqot qilishiga imkon bermoqda. Bu ochiqlik global madaniy merosga bo‘lgan hurmat va tushunishni kuchaytiradi.
Raqamli transformatsiya xalqaro hamkorlikning yanada boy shakllanishiga ham yo‘l ochdi. Chunki tarixiy hujjatlarni raqamlashtirish va sun’iy intellekt orqali dunyo bo‘ylab ulashish mumkin.
Shuningdek, raqamli ko‘chirmalar, asl nusxalarni buzilmas holda saqlashga xizmat qilib, jismoniy eskirishining oldini oladi. Bu saqlash amaliyoti madaniy merosni himoya qilish bilan birga uni global auditoriyaga yetkazadi.
Kelajakka nazar tashlar ekanmiz, sun’iy intellektning tarixni tiklashdagi salohiyati cheksiz. Vaqt o‘tib bu vositalar rivojlanishda davom etadi va qadimiy matnlarga kirish va ularni tushunishda yanada katta imkoniyatlarni taqdim etadi.
Zumrad XODJIEVA,
SamDChTI o‘qituvchisi.