Sun’iy intellektning ta’lim tizimiga ta’siri: Innovatsiyalar va yangi imkoniyatlar

Keyingi yillarda texnologiya va ilm-fanning rivojlanishi ta’lim sohasiga ham katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu o‘zgarishlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sun’iy intellektning ta’lim tizimida joriy etilishidir.

Sun’iy intellektning ta’lim tizimidagi eng katta yutuqlaridan biri — individuallashtirilgan tarzda o‘qitishdir. Odatda, an’anaviy ta’lim tizimida o‘qituvchilar barcha o‘quvchilarga bir xil materiallarni yetkazishadi, ammo har bir o‘quvchining o‘z o‘rganish tezligi, qiziqishlari va kuchli tomonlari mavjud. Sun’iy intellekt yordamida esa o‘quvchilarning o‘quv jarayonlarini kuzatib borish va ularga individual ravishda moslashtirilgan darslar va topshiriqlar berish mumkin.
Masalan, sun’iy intellekt tizimi o‘quvchilarning muvaffaqiyat darajasini real vaqt rejimida tahlil qilishi va ularning zaif tomonlarini aniqlab, o‘sha sohalarda qo‘shimcha mashqlar va yordam taklif qilishlari mumkin. Shu tarzda, o‘quvchilar individual ehtiyojlariga qarab ta’lim oladi va natijada umumiy o‘rganish samaradorligi oshadi.

Shu bilan birgalikda, sun’iy intellekt nafaqat o‘quvchilarga, balki o‘qituvchilarga ham yordam beradi. O‘qituvchilar darslarni tayyorlashda va baholashda ko‘p vaqt sarflashadi, ammo sun’iy intellekt bu jarayonlarni avtomatlashtirishga yordam beradi. Masalan, sun’iy intellekt algoritmlari avtomatik tarzda dars rejalari va topshiriqlarni yaratishi, o‘quvchilarning ishlarini baholashi va ularning muvaffaqiyatlarini kuzatib borishi mumkin.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt o‘qituvchilarga o‘quvchilar bilan muloqotda samaraliroq bo‘lishga yordam beradi. Masofaviy o‘qitish tizimlari orqali, o‘qituvchilar real vaqt rejimida o‘quvchilarni kuzatib, kerakli maslahatlar berishi mumkin. Bu o‘qituvchilarning vazifalarini yengillashtirib, ta’lim jarayonining samaradorligini oshiradi.

Shuningdek, sun’iy intellekt ta’limni global miqyosda kengaytirish imkoniyatlarini yaratmoqda. Masofaviy ta’lim platformalari va onlayn kurslar yordamida dunyoning istalgan nuqtasida o‘qish mumkin bo‘lib qoldi. Sun’iy intellekt esa bu jarayonni yanada rivojlantiradi. Masofaviy o‘qitish uchun sun’iy intellektga asoslangan platformalar darslarni moslashtiradi va o‘quvchilarga qo‘llanma va yordam ko‘rsatadi.

Shuni ta’kidlash joizki, sun’iy intellekt tilni avtomatik ravishda tarjima qilish imkoniyatlarini ham yaratdi, bu esa o‘quvchilar uchun ta’lim olish jarayonini yanada qulaylashtiradi. Sun’iy intellekt orqali har bir o‘quvchi o‘z ona tilida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi, bu esa yosh avlod uchun ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Sun’iy intellektning ta’lim tizimiga kiritilishi, albatta, ba’zi ijtimoiy muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin. O‘quvchilarning shaxsiy ma’lumotlari, ularning o‘quv natijalari va boshqa maxfiy ma’lumotlarni yig‘ish va saqlash xavfi mavjud. Shu sababli, sun’iy intellektni ta’lim tizimida ishlatishda maxfiylikni ta’minlash va me’yorlarga rioya qilish juda muhimdir.
Sun’iy intellekt ta’lim tizimiga kiritilishi ta’limni sezilarli darajada takomillashtirishga yordam beradi. O‘qitish jarayonining individuallashtirilishi, masofaviy ta’limning rivojlanishi, o‘qituvchilarga yordam beruvchi vositalar va yangi kasblar yaratish — bularning barchasi sun’iy intellektning ta’limga kiritilishining afzalliklaridir. Biroq, bu texnologiyaning joriy etilishi bilan bog‘liq etnik va ijtimoiy masalalarni hal qilish zarur. Agar bu masalalar hal qilinsa, sun’iy intellekt ta’limni yanada samarali va global miqyosda erkinroq qilish imkonini yaratadi.

S.S.Sharipova,
Sh.R.Istamova,
Samarqand davlat chet tillar instituti o‘qituvchilari.