Suv quduqlari xususiylashtirilmoqda. Nimalar o‘zgaradi?
Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan davlat-xususiy sheriklik loyihalarini barcha sohalarda joriy etish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Respublikamiz bo‘ylab suv xo‘jaligi ob’yektlari (nasos stansiya, kanal va kollektor-drenaj tarmoqlari)ning 161 tasi davlat-xususiy sheriklik (DXSh) shartlari asosida bosqichma-bosqich xususiy sektor boshqaruviga o‘tkazildi. Ularning 46 tasi Samarqandda faoliyat olib borayotgan xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.
Xo‘sh, suv xo‘jaligi ob’yektlarini xususiy sektorga o‘tkazish tizim rivojiga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatadi?
Ob’yektlarni xususiy sektor boshqaruviga topshirish orqali iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy vazifalarni hal etish, xususiy investitsiyalarni jalb etgan holda, ilg‘or boshqaruv tajribasini joriy etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, byudjet mablag‘larini tejash asosiy maqsad hisoblanadi. Shu asosda, viloyatimizda 2020-2022 yillarda jami 40 ta loyiha DXSh tamoyillari asosida belgilangan tartibda xususiy sektorga o‘tkazildi.
Xususan, Bulung‘ur tumanidagi «G‘alaba» nasos stansiyasi “SAG agro Bulung‘ur” MChJga, Narpay tuman irrigatsiya-melioratsiya ob’yektlari va nasos stansiyalari “Maroqand sifat” MChJga, Kattaqo‘rg‘on tumani «Moybuloq», «Ko‘kcha-1» va «Ko‘kcha-2» nasos stansiyasi “Amina gold invest” MChJ boshqaruviga, Payariq, Ishtixon, Oqdaryo, Bulung‘ur va Qo‘shrabot tumanlaridagi 35 dan ortiq sug‘orish quduqlari xususiy sektor boshqaruviga berildi.
12 ta nasos stansiyasi bo‘yicha qiymati 531946,6 million so‘mlik, 53,3 kilometr kanal, 277 kilometr kollektor tarmoqlari va 45 ta sug‘orish qudug‘i bo‘yicha bitimlar imzolandi. Xususiy sheriklar tomonidan loyiha doirasida jami 52996,3 million so‘m investitsiya mablag‘i yo‘naltirildi.
Loyihalarni amalga oshirish natijasida 163,1 million kVt (bugungi kundagi elektr energiya tarifi bilan 130,5 milliard so‘m) elektr energiyasi iqtisod qilinadi. Shuningdek, joriy yil viloyatimizda bir qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 6 ta sug‘orish qudug‘i bo‘yicha bitimlar imzolanib, 9 ta sug‘orish qudug‘i bo‘yicha loyihalar Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan o‘rganilmoqda. Ishtixon va Oqdaryo tumanida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan loyihalarning ma’lumotlari tegishli xulosa olish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuborildi.
Bundan tashqari, 15 ta nasos stansiyasini xususiy sektorga berish bo‘yicha jadal ish olib borilmoqda. 4 ta nasos stansiyasi loyihasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda 5 ta nasos stansiyasi loyiha hujjatlari Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Qolgan 6 ta nasos stansiyasi bo‘yicha xususiy sheriklar bilan birgalikda loyiha hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, Oqdaryo va Payariq tumanida joylashgan Zarafshon ITHB huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasiga qarashli 6 ta sug‘orish quduqlari davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektorga topshiriladi.
Zarafshon ITHB axborot xizmati.