Suvarak suti insoniyatni qutqaradimi?
- Suvaraklarni hamma mamlakatlar, qit’alarda ham yoqtirishmaydi, deb yozadi “Mir novostey» (2020 yil 25-son) haftanomasi. – Shunga qaramasdan agar hind olimlariga ishoniladigan bo‘lsa, yaqin kelajakda insoniyat ushbu yoqimsiz hasharotga bo‘lgan nafratini shafqatga aylantirib, uni ko‘paytirishga kirishadi. Hindlarning keyingi tadqiqotlariga qaraganda, suvaraklar sut berish qobiliyatiga ega va olimlarning fikricha, rivojlanayotgan mamlakatlarni ochlikdan qutqarishi mumkin.
Suvarak sigirdan yaxshi
Hindiston biologiya instituti tadqiqotchilari Diploptera punctata suvaraklarning yagona ma’lum turi o‘z avlodlarini oqsil kristalli tarkibga ega sut bilan boqishini ma’lum qildi. Aniqlanishicha, suvarak suti G‘arbda tarqalgan sigirlar sutiga qaraganda to‘rt marta to‘yimli ekan. Agar sigir suti 120 kilokaloriyaga ega bo‘lsa, suvarak 700 kilokaloriya quvvatga teng.
Hind olimlari suvarak suti kambag‘al mamlakatlarni ochlikdan qutqarishini aytishdi. Ushbu sut asosida oziqa qo‘shimchasi tayyorlanib, g‘ayrioddiy mahsulot yaratiladi va Afrikaning kambag‘al davlatlariga yegulik sifatida taklif qilinadi.
Sog‘iladigan suvaraklar qayerda yashaydi?
Tabiiy yashaydigan suvaraklar orasida sut beradiganlari Okeaniya, Uzoq Sharq va sayyoramizning Osiyo qismida uchraydi. Diploptera punctata, ya’ni suvaraklarning bu turi avlodlarini o‘z suti bilan boquvchi yagona turi hisoblanadi. Suvarak sutidagi oqsil kristallari aql bovar qilmas darajada to‘yimli bo‘lib, mikroelementlarga boy va tirik organizmlarda yaxshi hazm qilinadi. Bugungi kunda sutga talab shunchalik kattaki, olimlar uni sun’iy yo‘l bilan o‘xshashini yaratish ustida ishlamoqda. Ammo badavlat mamlakatlarda to‘yimli va mikroelementlarga boyligi uchun suvarak sutining tabiiysiga talab katta.
Ma’lum bo‘lishicha, bir qator mamlakatlarda buning g‘ami yeyilib, ko‘p sonli suvarak fermalari tashkil qilingan va o‘quv qo‘llanmalari ham yaratilgan. Bunga Xitoyning Sichuan provinsiyasidagi bir suvarak fermasini misol ketirish mumkin. U yiliga olti milliardan ko‘proq suvarak ko‘paytiradi. Suvaraklarni ko‘paytirish o‘ta qulay. Buning ustiga bu hasharot injiq emas, hamma narsani yeyaveradi, uy hayvonlaridan farqli o‘laroq kasallikka chalinmaydi. Unga talab esa Osiyo mamlakatlarida doimo katta. To‘g‘ri, hind olimlarining yaqindagi bu kashfiyotigacha suvarak fermalari mahsulotiga farmatsevtika va kosmetika firmalari asosiy xaridor edi. Xitoy shifokorlarining ishonch bildirishlaricha, suvaraklardan tayyorlangan dori rakka qarshi eng samarali vosita ekan.
Sog‘ishni ko‘paytirish kerak
Suvarak sutidan foydalanishning afzalliklariga qaramay, hasharotdan sut sog‘ib olish, uning qanchalik mahsuldorligini tushunish qiziqarli. Olimlar bu ko‘rsatkichni hisoblab chiqishdi. Xususan, yuz gramm suvarak sutini sog‘ib olish uchun mingga yaqin hasharotni sog‘ish talab qilinadi. Bunda ularni boqish va yetishtirish xarajatlarini hisobga olmoq darkor. Natijada, bu mahsulotni olish shunchalik qimmatga tushadiki, Afrikaning och aholisini boqish amrimahol. Ammo olimlar bu omilga ilmiy yondashib, suvaraklar ajratib chiqaradigan oksilni sintez yo‘li bilan ishlab chiqarishni mo‘jallashmokda. Bu jarayon uncha qimmat emas, hatto bunday yo‘l bilan olingan oqsilning ozginasi ham insonni zarur mikroelementlar va koloriya bilan ta’minlashga qodir.
Tog‘aymurod ShOMURODOV tayyorladi.