Suvimiz qimmatmi? Biz uning qadriga yetyapmizmi?

Bobomning hovlisi oldida Jo‘yiariq (chuqur ariq) bor edi. U kishi doim bu ariq atrofini tozalab qo‘yar, yalpizlar o‘sardi. Esimda, ariq enli, chuqur, suvi esa tez oqardi. Biz bu suvdan ichardik, onam yopgan issiq kulchalarni shu suvga botirib yerdik. Hech qachon shu suvdan ichib, kasal bo‘lmaganmiz. 

Saraton kunlari onam chorpoyada o‘tirib, “Bolam, Jo‘yiariqdan do‘lcha (sariq rangdagi, metaldan yasalgan, ustiga qopqog‘i bor, chamasi 4 litrlar suv ketadigan idish)ni to‘ldirib keltirgin”, der edi. Keyin suvni tindirib, piyolada olib ichardi. 

Shu ariq suviga cho‘milgan odamning tanasi va terisi ham orom olardi. Ba’zi teri kasalliklari uchun shifobaxsh edi. Har yili odamlar hashar qilib, ariqni qazishardi. 

1993 yillarga qadar ariq suvini qaynatmasdan iste’mol qildik. Keyinchalik ariqqa odamlar tomonidan yelim idish va xalta tashlash, ba’zida oqova oqizib qo‘yish holatlari uchradi. Bugun bu ariq ancha toraygan, sayoz va suvini ichib bo‘lmaydi, odamlar hatto qo‘l yuvmaydi.

Bobom bizga “Suvga tupurmanglar, suvni ifloslantirmanglar, bu – uvol”, derdi. Endi esa uvol va savobni unutgandekmiz, suvning qadrini his qilmayapmiz.

Bugun suv sathi pasaymoqda, ko‘llar, orollar qurimokda. Odamlar suvni sotib olib ichayotgan yoki suvsizlikdan aziyat chekayotgan bir paytda, ba’zilar mashinasini ichimlik suvini oqizib qo‘yib yuvyapti, hovlisiga, ko‘chaga shu suvdan sepyapti, ekinlarini sug‘ormoqda. 

Endilikda, jo‘mrakdan kelayotgan suvni ichsang ham kasal bo‘lishing mumkin. Qaynatsang, idishning tagida turli cho‘kindilar tosh bo‘lib qotmoqda. 

Qariyb o‘n yildan buyon suvni muzlatkichda muzlatib, so‘ngra eritib ichamiz. Erigan suv ostida turli cho‘kindilar borligini ko‘raman. Tajribamiz shuni ko‘rsatmoqdaki, 5 litr suv tarkibidan qariyb yarim piyola miqdorida 20, 40 gramdan ortiq cho‘kma (xlor, quvurning zangi, qum zarralar yoki bakteriyalar) hosil bo‘ladi. 

Ilgarilari har bir mahallada hashar yo‘li bilan qazilgan hovuzlar bo‘lardi. Hovuz atrofi o‘ralmagan bo‘lsa ham hech kim cho‘milmasdi, suvini ifloslantirmasdi. Hozir mahallalarda hovuzlar deyarli yo‘qolib ketdi.

Ayni kunlarda elektr energiyasi tanqisligining oldini olish uchun muqobil energiyadan foydalanish uchun islohotlarni amalga oshiryapmiz. Elektrsiz yashash mumkindir, ammo suvsiz yashab bo‘lmaydi.

Jahon tajribasidan ma’lumki, ekologik uylarda yomg‘ir suvlari uyning maxsus hovuzlarida jamg‘ariladi. Filtrdan o‘tkazilib, iste’mol uchun ishlatiladi. 

Biz ham bir nechta ko‘p qavatli uylar atrofida yomg‘ir suvlarini jamg‘arish mexanizmini ishlab chiqsak bo‘lmaydimi?

Hududlarning relefi bir xil emas. Ayniqsa, chuqur hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planib, aholining yashash joylariga ham zarar keltirmoqda. Nega shu joylarga suv jamg‘ariladigan hovuzlar barpo etilmaydi?

Ilgarilari odamlar cho‘milish uchun bir yoki ikki chelak (10-20 litr) suv ishlatgan bo‘lsa, hozir vannani taxminan 100 litr suvga to‘ldirib, cho‘milamiz. So‘ng yana dush qabul qilinadi. 

Basseynlar, saunalarda esa tonnalab suv isrof qilinmoqda. 

Taklifimiz xonadonlardagi ichimlik suvi tarmoqlari uchun hisoblagichdan tashqari hammom, hojatxona uchun maxsus hisoblagichlar o‘rnatib, ishlatilgan suvning narxini qimmatroq ta’rifda belgilash lozim. 

Nazarimda, suvning narxi oshirilishi bilan iste’mol madaniyati ham sekin-asta izga tusha boradi. Qolaversa, suv resurslari tejalishiga olib keladi.

Ammo fuqarolarning suvga munosabati o‘zgarmasa, barcha harakatlar samarasi sezilmaydi. 

Yusufjon SALIMOV.