Suvsizlikka, qahraton sovuqqa, anomal issiqqa chidamli, yer tanlamas, qimmat narxli chilonjiyda
Chilonjiyda mevasi dastlab bundan 4 ming yil avval Xitoyda o‘stirilgan. Undan keyin Hindiston, Afg‘oniston kabi davlatlarda ham uni madaniylashgan holda yetishtirishni boshlashgan. O‘zbekistonda chilonjiydani XX asrning o‘rtalarida ekilgani ma’lum.
Chilonjiyda daraxti may oylarida gullab, hosilga kiradi. Avgust oylariga kelib, mevalari pisha boshlaydi.
Uning bir to‘pidan 50-60 kilogrammgacha hosil olish mumkin va O‘zbekistonning barcha viloyatlarida ekib, o‘stiriladi. Ayniqsa, Samarqand viloyatida boshqa hududlarga qaraganda keng tarqalgan.
Mevasi, guli va bargi ham foydali. Chilonjiydani o‘ta bardoshli o‘simliklar sirasiga kiritish mumkin. U qurg‘oqchilikka, issiqqa (+44 daraja) va sovuqqa (-30 daraja) chidamli bo‘lib, o‘sish uchun deyarli yer tanlamaydi.
Chilonjiyda har yili hosil beradi. Uning mevalari tarkibida inson organizmi uchun kerakli bo‘lgan aksariyat vitamin va minerallar mavjud. Xususan, mevasi tarkibida 20-28 foiz shakar, 0,3-2,5 foiz kislota, 2,93 foiz oqsil, shuningdek, C vitamini 500-600 mg, P vitamini 3,5 mg, A vitamini bor.
Ushbu mevaning tarkibida rutin moddasi ko‘p miqdorda bo‘lib, qon bosimi oshgan kishilar (gipertoniklar) uchun juda foydalidir. Chunki bu vitamin organizmdagi qon tomirlarini kengaytirib, uning devorlarini mustahkamlaydi.
Rutin moddasi chilonjiydani faqat mevasida emas, balki bargida, gulida va po‘stlog‘ida ham bo‘ladi.