Ta’lim hujjatlarini notarial tasdiqlash

Surayyo NORMURODOVA,
Samarqand shahri.

– "Notariat to‘g‘risidagi" qonunning 65-moddasiga asosan, notariuslar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan berilgan hujjatlar nusxalarining va hujjatlardan olingan ko‘chirmalarning to‘g‘riligini ushbu hujjatlar qonunga zid bo‘lmagan, yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan hamda ularning nusxalari va ulardan olingan ko‘chirmalarining to‘g‘riligini shahodatlash qonun bilan taqiqlanmagan holda shahodatlaydi. Fuqaroning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hollar bundan mustasno. Matni noaniq bo‘lgan, o‘chirilgan, qo‘shimcha so‘zlar yozilgan, lekin bularga izoh berilmagan hujjatlar nusxasi shahodatlantirilmaydi, hujjatning shahodatlaydigan nusxasi hujjat asl nusxasi bilan solishtirib chiqiladi va asl nusxasi notarial idorada qoldirilmaydi. 
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 dekabrdagi qarori bilan 52 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida jismoniy va yuridik shaxslardan hujjatlarning notarial tasdiqlangan nusxalarini olish amaliyoti bekor qilinmoqda. Hujjatda qayd qilinishicha, endilikda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarning nusxalari davlat xizmati ko‘rsatuvchi organ tomonidan tasdiqlanib, asl nusxasi qaytarib beriladi. Hujjat nusxalarini notarial tasdiqlatish amaliyoti chet eldagi harakatlar uchun zarur bo‘lgan, xorijiy davlatlar organlari tomonidan tasdiqlangan yoki berilgan, apostil qo‘yiladigan va belgilangan tartibda legallashtiriladigan, shuningdek, qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutiladigan hujjatlar uchungina saqlanib qolinmoqda. 

Savolga Samarqand shahar
17-son davlat notarial
idorasi notariusi
Lola ALIYeVA javob berdi.