Ta’lim krediti ajratish uchun banklar mahallalarga biriktirildi

Mazkur ta’lim kreditlari, oliy ta’lim muassasalarida o‘qish davri hisobga olingan holda, bakalavriatga o‘qishga qabul qilingan talabalarga 10 yilgacha, magistraturaga o‘qishga qabul qilingan talabalarga 5 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi. Tijorat banklari tomonidan ajratiladigan ta’lim krediti chin yetimlarga, Mehribonlik uylarida tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga foizsiz, talabalarning qolgan toifalariga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan o‘zgaruvchi foiz stavkasi asosida beriladi.

Ta’lim krediti ajratilishida aholiga qulaylik yaratish maqsadida tijorat banklarining filiallari hududlardagi mahalla fuqarolar yig‘inlariga biriktirildi. Talabalar, ularning ota-onalari yoki vasiylarida ta’lim kreditidan foydalanish istagi bo‘lsa, o‘zlari istiqomat qilayotgan mahallaga biriktirilgan tijorat banki filialiga murojaat etishlari mumkin. Bu haqdagi ma’lumotlar mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda oliy ta’lim muassasalariga ham tarqatilgan.

J.Baxriyev,

Markaziy bankning viloyat

bosh boshqarmasi kredit bo‘limi boshlig‘i.