Ta’lim – taraqqiyot tayanchi

Muammoni Qanday yechish mumkin?

Shu tadbirning o‘zi maktablarda ham, oliy o‘quv yurtlarida ham yoshlarning o‘qishga, o‘qiganda ham a’lo o‘qishga qiziqishlarini, mas’uliyatini sezilarli darajada oshiradi. Birinchi kursning o‘zidayoq o‘qishga havasi bor, lekin qobiliyati yetarli bo‘lmagan tasodifiy talabalarni institutdan chetlashtirish, ikkinchi kursga faqat oliy ma’lumot olishga layoqatli yoshlarni saralab olish imkoni yaratiladi.

Hozirgi kunda bitiruvchilarni yakuniy davlat attestatsiyasidan (YaDA) o‘tkazish amaliyoti ham yaxshi samara bermayapti. Bu bosqichda ko‘pincha "Shuncha yil o‘qidi, endi diplom bermasak bo‘lmas" qabilidagi o‘rinsiz mulohazalar ustunlik qiladi. Bu yerda murosasozlikdan ko‘ra malakasi past talabani tayyorlagan, unga kerakli bilimlarni bera olmagan va davlat attestatsiyasigacha uni "yetaklab" kelgan, o‘z xulq-atvori bilan ta’lim sifatiga jiddiy va juda katta zarar yetkazayotgan mutasaddi shaxslarning javobgarligi masalalarini, talabaning shunday ahvolga tushganligining chuqur sabablarini o‘rganish muammolarini kun tartibiga qo‘yish katta samara beradi. Talaba necha yil o‘qiganligiga qaramasdan, YaDA imtihonlariga baho qo‘yishning yagona mezoni talabaning o‘qigan yillari emas, davlat ta’lim standartlari bo‘lmog‘i shart. YaDAning kuchaytirilishi, uning bitiruvchilar bilimini xolisona baholashning samarali vositasiga aylantirilishi o‘qish jarayonida qo‘yilgan baho uchun professor-o‘qituvchilarning ham, olgan bahosi uchun o‘quvchilarning ham mas’uliyatini oshiradi. Ta’lim sifati keskin ko‘tariladi. 

Ko‘pincha oliy o‘quv yurtiga talabalar qabulini tashkilot va korxonalarning talabidan kelib chiqqan holda belgilash masalasi qo‘yiladi. Quruq rasmiyatchilikdan boshqa natija bermayotgan bu samarasiz amaliyotdan tamomila voz kechish va bozor iqtisodiyoti sharoitida institutga qabul miqdorini bozor mexanizmlari orqali tartibga solish masalalarini jiddiy o‘ylab ko‘rish zarur. Ayniqsa, o‘z mablag‘lari hisobidan o‘qiyman, degan yoshlarning yo‘lida hech qanday to‘siq bo‘lmasligi, diplom olishning asosiy sharti YaDA sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tish bo‘lmog‘i lozim. 

Bilim sifati yaxshi bo‘lgan har bir oliy ma’lumotli mutaxassis – jamiyatimizning boyligi. Ana shundan kelib chiqqan holda, ularning soni qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi, degan tamoyilga asoslanib ish tutmog‘imiz lozim. Agar ularning soni korxona va tashkilotlar talabidan juda oshib ketsa, ishga joylasha olmagan bitiruvchilar tadbirkorlik bilan shug‘ullanadilar, o‘zlarining bilimlariga tayanib, yuqori ko‘rsatkichlarga erishadilar. Qancha yoshlarimiz xorijda mehnat qilyapti. Agar shularda diplom, eng muhimi, shu diplomga mos kuchli bilim bo‘lsa, qancha yaxshi ijobiy samaraga erishish mumkin bo‘lar edi. Ular xorijda mutaxassis sifatida ishlab, o‘zlariga ham, jamiyatimizga ham katta naf keltirishlari muqarrar.

Ta’lim tizimida mavjud negativ holatlarning tamagirlik va poraxo‘rlik illatlarini bartaraf etishda ta’lim muassasasi rahbarlarining roli beqiyos. "Qush uyasida ko‘rganini qiladi", deganlaridek, jamoa a’zolari odatda rahbarga taqlid qiladi, unga mos ish tutadi, talablarini bajarib, buyruq va ko‘rsatmalariga itoat qiladi. Rahbar talabchan, o‘z xatti-harakatlarida shaffof bo‘lgan ta’lim muassasalarida jamoa a’zolari ham unga munosib ish tutishga, nojo‘ya ishlardan o‘zlarini tiyishga intiladi. Shu sababli ta’lim muassasalariga rahbarlarni tanlashda ularning ana shu xislatlariga alohida e’tibor qaratilishi lozim. 

Tabiatan pok, suyagi toza, xalq manfaatlarini o‘z manfaatlaridan ustun qo‘ya biladigan, Yaratganning oldida gunoh qilishdan, jamiyat, davlat oldida xiyonat qilishdan o‘zini tiya oladigan, ozgina bo‘lsa ham oxiratni o‘ylaydigan, imoni butun, irodasi mustahkam, insofli, diyonatli, vijdonli, mas’uliyatli, ko‘pni ergashtira oladigan, ishning ko‘zini biladigan rahbar jamoani to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi va jamoada adolat o‘rnatadi. Ana shu talablarga javob bermaydigan rahbarlar lavozimidan zudlik bilan chetlashtirilishi va qolganlar uchun bu saboq bo‘lmog‘i lozim.

Harakatlar strategiyasi doirasida, shuningdek, uni amalga muvaffaqiyatli ijro etishning muhim sharti sifatida mamlakatimizda ta’lim sifatini tubdan yaxshilashning har tomonlama puxta o‘ylangan yaxlit tizimi ishlab chiqilishi va amaliyotga joriy etilishi lozim. Bir maqolada uning barcha tafsilotlari va detallarini bayon etishning iloji yo‘q. Umumiy holda ushbu kompleks chora-tadbirlar xalqimizning mentalitetini va ta’lim sohasida boy tarixi hamda an’analarini hisobga olish, o‘quvchi-talabalar bilimini baholashning xolisonalashtirish asosida yoshlarni bilimga rag‘batlantirish, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlar, ayniqsa, byudjet hisobidan o‘qiydigan talabalar sonini ko‘paytirish, oliy ta’limda davlat monopoliyasiga barham berish va raqobat muhitini yaratish kerak. Buning uchun ta’lim muassasalarining mustaqilligini keskin oshirish va ularning bilim sifati uchun javobgarlikni kuchaytirish, professor-o‘qituvchilarning ish haqini oshirish (kamida 2-3 barobar), ularning mehnat natijalarini rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish va bilimdon, yuqori malakali mutaxassislarni tarbiyalashda shaxsiy mas’uliyatini oshirishdek muhim masalalarni o‘z ichiga olmog‘i lozim.
 

Murod Muxammedov,
iqtisod fanlari doktori,
SamISI professori.