Ta’lim – taraqqiyot tayanchi

(Boshlanishi gazetaning o‘tgan sonida)

Mas’uliyat kimning zimmasida?

Demak, yoshlarni o‘zlari uchun qiziqarli bo‘lgan mashg‘ulotlarning bir qismidan voz kechib, jamiyat uchun muhim bo‘lgan bilimlarni o‘zlashtirishga vaqt ajratishga majbur qiladigan, uni rag‘batlantiradigan, chinakamiga qiziqtiradigan vosita kerak. Bu ham bo‘lsa, uning bilimiga qo‘yiladigan baho. Modomiki, amaldagi ta’lim tizimi yoshlarimizga shu bahoni uncha boshini qotirib o‘tirmasdan, qattiq zo‘riqmasdan ham olishga imkoniyat yaratib berayotgan ekan, nima uchun yoshlar undan unumli foydalanmasligi kerak? Bizning obrazli tilimizda bunday soddalikni faqat afandi o‘ziga ravo ko‘rishi mumkin. Soxta baho bolaning ruhiyatiga katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi, uning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini, qiziqishini susaytirib yuboradi. Amaldagi bilimni baholash tizimidagi nuqsonlar oqibatida yoshlarimiz puxta bilim egallash imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqdalar.

Uchinchi tomon – yoshlarimizga bilim berayotgan pedagoglar, professor-o‘qituvchilar. Ulardan davlat, jamiyat bilimdon va yuqori malakali kadrlar tayyorlab berishni talab qiladi. Lekin amalda bu talabni ijro etishning samarali mexanizmlari yaratilmagan. Maktabda yaxshi o‘qib, bakalavriatura, magistratura, doktorantura, ne-ne mashaqqatlar bilan dissertatsiya yoqlab, oxir-oqibatda 200-300 dollar ish haqiga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchiga nisbatan talaba-o‘quvchilar bilimini ob’yektiv baholash mezonlarini qo‘llashga erishish jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Kechagina o‘zi o‘qitgan talaba institutni bitirgach, do‘kon yo sex ochib yoki qo‘shma korxonada ishlab, majburiy ijro, ichki ishlarda xizmat qilib, undan 2-3 marta ko‘p maosh olib turgan bo‘lsa, buning ustiga ustozning olgan ish haqi tirikchiligiga ham yetmay turgan bo‘lsa, u yuzaga kelgan muammoni yechish yo‘llarini izlab topishga majbur bo‘ladi. Bu yerda gap faqat moddiy rag‘batda emas. Odatda olimlar, o‘qituvchilar o‘z tabiatiga ko‘ra sabr-qanoatli, bardoshli bo‘ladilar. Lekin jamiyat ularning mehnatini, bilimini qadrlamaganligidan iztirob chekadilar, ma’naviy jihatdan eziladilar, o‘zlarini kamsitilganday his qiladilar. Vaholanki, inson kapitali qadrlanadigan Farb mamlakatlarida professor-o‘qituvchilar ish haqi darajasi bo‘yicha eng yuqori o‘rinlardan birida turadilar. 

Bizning yurtimizda esa hozirgi kunda professor-o‘qituvchilar o‘z daromadlarini oshirishlari uchun ikkita yo‘l mavjud. Birinchisi – asosiy ishiga qo‘shimcha ravishda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, ikkinchisi esa g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan ish haqining yetishmay turgan qismini to‘ldirish. Har ikkala yo‘ldan qay birini tanlash har kimning vijdoniga bog‘liq. Tadbirkorlik orqali daromadlarni ko‘paytirish qo‘shimcha mehnat, vaqtni talab qiladi. Bunday qobiliyatni olloh nasib etmagan o‘qituvchi katta tavakkalchilik bilan bog‘liq bo‘lgan tadbirkorlik faoliyatidan daromad topish o‘rniga, boridan ham ayrilib qolishi ehtimoldan yiroq emas. Tadbirkorlik qobiliyati ustun rivojlangan kishilar hozirgi ish haqi darajasida olim bo‘lishni uncha havas qilib ham o‘tirmaydi va imkoniyat bo‘lsa, ta’lim sohasini tark etishga intiladi. Ustiga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, daromad topish uchun ozgina bo‘lsa-da, jamg‘arma va kredit olish uchun imkoniyat ham bo‘lmog‘i kerak. Lekin bunday imkoniyatning o‘zi hammada ham mavjud bo‘lavermaydi.

Ana shu sabablarga ko‘ra ayrim kishilar ikkinchi yo‘ldan borishni afzal ko‘radilar. Talaba-o‘quvchilarning bilimini baholashda professor-o‘qituvchilarning javobgarligi hamda sifatli bilim berishini rag‘batlantirishning samarali mexanizmlari yaratilmagan va bu ularga yo‘q bilimga ham ijobiy baho qo‘yish imkonini beradi. Eng achinarlisi shundaki, ba’zan qo‘shimcha daromad topishning ikkinchi yo‘lini ma’qul topgan, bilimni baholashda ob’yektivlik tamoyillarini qo‘pol ravishda buzayotgan, davlatning ta’lim siyosatiga xiyonat qilayotgan va o‘z qilmishlari uchun qonun oldida javob berishlari kerak bo‘lgan professor-o‘qituvchilar davlat yoki rahbariyat mukofotlari bilan taqdirlanadilar. Natijada professor-o‘qituvchining bilim sifatini oshirishga emas, balki uni pasaytirishga qaratilgan xatti-harakatlarini rag‘batlantirish samarasi yuzaga keladi. Oqibatda bo‘lajak mutaxassislarga mukammal bilim berishlari kerak bo‘lgan mutasaddi shaxslar ularga kerakli bilimlarni bermayaptilar. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, nafaqat ikkinchi, balki birinchi yo‘l ham ta’lim sifatiga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki ustoz o‘zining asosiy ishi bilan shug‘ullanish, ertayu kech o‘z ustida ishlash, malakasini oshirish o‘rniga ikkinchi darajali ishlar bilan band bo‘ladi.

To‘rtinchi tomon – hurmatli ota-onalar. Ta’lim sifatini tubdan yaxshilash muammosini hal etishda, uni yurtimiz ravnaqining yetakchi, bosh omiliga aylantirishda ota-onalarimizning roli beqiyos. Ota-onalarning ta’lim sifatiga ta’siri ikkiyoqlama kuchga ega.
Birinchidan, jondan aziz farzandiga dunyo-dunyo yaxshilikni ravo ko‘rganligi uchun uni bolaligidan yaxshi o‘qishga, bilimli bo‘lishga da’vat qiladi, ibratli nasihatlar beradi, sharoit yaratadi, talab qiladi. Ota-onalarning bu xulq-atvori bilim sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. 

Ikkinchi tomondan, aynan ota-onalar yurtimizda ta’lim sifatining pasayib ketishiga asosiy sababchi bo‘lmoqdalar. Chunki ota-onalar o‘z farzandlariga nisbatan yaxshilikni ravo ko‘rishda sog‘lom aql chegarasidan ham nariga o‘tib ketmoqdalar va farzandlarida bilim va qobiliyat yetmay qolgan hollarda, o‘zlarining barcha imkoniyatlarini (amal, tanish-bilish, oshna-og‘ayni, pul va hokazo) ishga solmoqdalar. Ota-onalarning bu xatti-harakatlari salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Birinchidan, mamlakatda ta’lim sifati pasayib ketadi, iqtisodiy yuksalish bo‘lmaydi. Buning zarbali salbiy oqibatlarini butun jamiyat va shu jamiyatning a’zolari sifatida ota-onalarning o‘zlari ham ko‘radilar. 
Ikkinchidan, zo‘ravonlik, oshna-og‘aynichilik bilan o‘qishga joylashtirilgan yoshlar davlat ta’lim standartlari talabi darajasidagi bilimlarni mukammal o‘zlashtirishni uddalay olmaydilar.

Murod Muxammedov,
iqtisod fanlari doktori,
SamISI professori.
(Davomi bor).