Ta’limda innovatsiya va hamkorlik mutaxassis-olimlar muhokamasida

Unda mamlakatimizning 20 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlari olimlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari mutasaddilari ishtirok etdi.

Konferensiyada oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hamda umumta’lim muassasalarida uzluksiz ta’limning sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy, uslubiy ishlanmalar, yaratilgan darslik va o‘quv qo‘llanmalari, axborot-kommunikatsiya hamda pedagogik texnologiyalarni o‘quv jarayonlarida qo‘llash ishlari mutaxassislar tomonidan muhokama etildi.

– Prezidentimizning 2017 yil 26 sentyabrdagi "Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi Qarori uzluksiz ta’limni rivojlantirishning ijtimoiy-siyosiy, pedagogik, ilmiy-uslubiy hamda moliyaviy asoslarini yaratish barobarida uning huquqiy asoslarini ham ta’minlab berdi, – deydi Toshkent agrar universiteti akademik litseyi direktori R.Turdiboyeva. – Shu nuqtai nazardan akademik litsey, kasb-hunar kollejlari faoliyati, bitiruvchilarning ishga joylashuvi yoki oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi, ulardagi ta’lim mazmunini boyitish bilan bog‘liq bir qator muammolar mavjudki, bugungi konferensiya ana shu nuqsonlarni bartaraf etish choralari bo‘yicha mulohaza bildirish imkoniyatini yaratgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Anjumanning malakali kadrlar tayyorlashning dolzarb masalalari, chet tillarni o‘qitish, innovatsion texnologiyalar, axborot ta’lim resurslaridan samarali foydalanish, hamkorlik doirasida ilmiy ishlar ko‘lamini kengaytirish kabi sho‘’balarida o‘nlab ma’ruzalar tinglandi. Muhokama etilgan mavzu va masalalar yuzasidan tegishli tavsiya va takliflar ishlab chiqildi.