Tabassum fikrimizni o‘zgartiradi, ijobiy kayfiyatga xayrixoh bo‘ladi

Tabassum inson uchun tabiiy bo‘lgan holat. Baxt og‘ushida va samimiy xursandchiliklar bo‘lgan paytlarda yuzimiz mo‘’jizaviy tarzda o‘zgaradi, go‘yo atrofdagilarni biz bilan yaxshi kayfiyatni baham ko‘rishga chorlaydi. Ajablanarlisi, qalb irodasi bilan emas, atayin qilgan tabassum ham fikrimizni o‘zgartirishi va ijobiy kayfiyatga xayrixoh bo‘lishi mumkin.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) har doim tabassum qilib yurar ekanlar. Abdulloh ibn Xoriy shunday degan: “Men hech qachon Muhammad payg‘ambarga o‘xshab tabassum qilgan odamni uchratmaganman. U tabassumini birodariga xayriya sifatida baxsh etardi”.

Dunyo mamlakatlarida tabassum do‘stona munosabat belgisi hisoblanishi bilan birga insonning baxtli ichki holatini aks ettiradi. Ushbu ijtimoiy vazifadan tashqari, tabassumning tanamizga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan bir qator foydali xususiyatlari ham bor.

Birinchidan, tabassum qilganda butun vujud bo‘shashadi va yurak bir tekis ura boshlaydi, qon bosimi ma’lum vaqtga pasayib, “xursandchilik gormonlari” deb atalmish endorfinlar qonga tusha boshlaydi, ular kayfiyatni kuchaytiradi va hatto tanada bo‘lgan og‘riqni zaiflashtirib qo‘yadi. Tanamiz bo‘shashganda immunitet tizimi tashqi omillarga nisbatan ancha tez va samarali ta’sir qiladi, shuning uchun xushchaqchaq odamlar kamroq kasal bo‘lib, o‘zlarini sezilarli darajada yaxshi his qilishadi.

Xafagarchilik yoki qo‘rquv bo‘lib turgan lahzalarda biror kishi sizga tabassum qilishni maslahat bersa, qanchalik g‘azablanishingizni tasavvur qiling. Biroq, bu maslahat juda o‘rinli va kerakli, chunki jilmayish insonning jismoniy va psixologik farovonligiga kuchli ta’sir qiladi.

Ikkinchidan, tabassum bizga stressni yengishga yordam beradi, shu sababli shifokorlar hatto istamasak-da, tabassum qilishni maslahat berishadi. Aniqki, quvonchli yuz ifodalari umrni uzaytiradi, teri faolligiga xizmat qiladi va yosh ko‘rinishga yordam beradi.

Uchinchidan, tabassumning sog‘lomlantiruvchi ta’siri o‘pka kasalligi, saraton va depressiya kabi jiddiy kasalliklarda ham sezilishi mumkin. O‘zining lablarini cho‘zishga majburlagan odam tananing immunitet tizimini mustahkamlashda va kasalliklar bilan kurashish moyilligini hosil qilishida ko‘maklashadi.

Atrofdagilar uchun tabassum nafaqat iltifot belgisi, balki jilmayib turgan inson o‘zida ishonganligining dalolatidir. Psixologlar ishga joylashish uchun suhbatda va mijozlar bilan muloqot qilishda aynan shu holatda bo‘lishni maslahat berishlari bejiz emas – yaxshi kayfiyat va qaror qabul qilishdagi qulayliklar tabassum orqali hosil bo‘ladi. Quvnoq va do‘stona ko‘rinadigan odam bilan muloqot qilish va ishlash yoqimli, chunki biz uning ishonchini ongli ravishda qozongan bo‘lamiz.

Tashqi ko‘rinishning tarkibiy qismi sifatida tabassumni tanlaydigan odamlar o‘zlarini yanada g‘ayratli, qat’iyatliroq his qiladi, ularning boshlagan ishlari ko‘pincha yaxshi natijalarni ko‘rsatadi. Tabassum qisman ijobiy fikrlashni shakllantiradi, bu esa o‘z navbatida bizni muvaffaqiyat qozonishga chorlaydi va maqsadimiz yo‘lidagi barcha qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi.

Musulmonchilikda kishi yuzidagi tabassum qalbi ochiq, pok, tashvish va umidsizlikka yo‘liqmaganligidan dalolat beradi. Jarib ibn Abdulloh aytdilar: “Rasululloh men Islomni qabul qilgan paytimdan boshlab o‘zlarini ko‘rishimdan bosh tortmadilar va u kishi hech qachon menga yuzlarida tabassumsiz qaramadi”.

Hatto lablarning do‘stona egib qilgan kichik bir jilmayish uchun ham Alloh tomonidan mukofot beriladi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) aytganlar: “Birodaringga qarab qilgan tabassum bu sadaqadir”.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.