Tabassum qiling, 7 mo‘’jizani qo‘lga kiritasiz!

1. Baxt ato etadi, hatto, kayfiyatingiz yo‘q bo‘lsa ham!

Miya faoliyati bevosita tanamiz bilan bog‘liqligini bilasiz-a? Bir bor kuldingizmi, miyaga «Siz baxtlisiz!» degan xabar borib tushadi. Natijada organizm turli xil endorfinlarni ishlab chiqara boshlaydi va o‘z-o‘zidan kayfiyatingiz ko‘tariladi. Bu haqiqat 1980 yilda aniqlanib, ilmiy tasdig‘ini topgan.

2. Atrofdagilarga quvonch ulashasiz.

Kulgu — yuqumli. Axir siz jilmaysangiz, o‘z-o‘zidan yoningizda dugonangiz, hatto, notanish odam ham kulib qo‘yadi. To‘g‘rimi? Xo‘sh keyin-chi, deysizmi? Yuqoridagi birinchi hodisa ro‘y berib, yon-atrofingizdagilar ham xursand bo‘ladi.

3. Joziba bag‘ishlaydi!

Chiroyli tabassum kishining go‘zal va ko‘ngli tozaligidan dalolat. Ayniqsa, ayollar, qizlarimiz doim kulib yurishlari shart. Ishga qabul qilishayotganda, uchrashuvda, nozikta’b begingizning jahli chiqqanda... bir kulib qo‘ying-chi? hammasi ijobiy hal bo‘ladi.

4. Tushkunlikni mag‘lub etadi.

Kun juda og‘ir o‘tdi... Chop-choplardan charchadingiz, dedi-dedilardan asabiylashdingiz. Ko‘zguga qarab, horg‘in chehrangizga ko‘zingiz tushib, barcha muammolaringiz xayolingizga yopirilib keladi. Tushkunlik o‘z domiga tortayaptimi? Qani, bir jilmayib qo‘ying-chi. Kulib turgan aksingizning o‘zi quvonchli onlaringizni esga soladi. Va miyangizga signal boradi. Stress chekinadi.

5. Pardoz-andozdan ham a’lo!

Agar siz maromiga keltirib pardoz qilsangiz-u, ammo kayfiyatingiz tund bo‘lsa, bundan ne naf? 69 foiz kishilarning ta’kidlashicha, ayolni kulgu har qanday pardoz vositasidan ko‘ra chiroyli va yosh ko‘rsatarkan.

6. Sog‘lomlashtiradi!

Tabassum immun tizimi faoliyatiga ijobiy ta’sir qiladi. Qachonki siz kulsangiz, kuchga to‘lasiz. Olimlarning aniqlashicha, chin dildan kulish organizmni yog‘lardan xalos etib, muskullarni mustahkamlarkan. Tanada qon aylanishi yaxshilanadi, tinch orom olasiz. Hatto turli infeksiyalardan ham asrarkan. Qon bosimi oshishi, yurak siqilishining oldi olinadi, qondagi qand miqdori normallashadi. Endi ham kulmasangiz bo‘lmaydi.

7. Omad kulib boqadi!

Axir aytishadi-ku «hayotga kulib boqsang, u ham senga kuladi», deb. Odatda negadir biz jiddiy qiyofadagi kishini o‘ziga ishongan, deb o‘ylaymiz. Aksincha, kulib turgan, sizga doim jilmayib javob beradigan insoning o‘ziga nisbatan ishonchi baland bo‘larkan. O‘ziga ishongan kishi esa hayotda o‘zi istagan marralarni zabt eta oladi.