Tabiat kechirmaydi, yengilgina afv etib qo‘ya qoladi, xolos

Bu haqiqatga misollarni xohlagancha keltirishimiz mumkin. Qolaversa, ko‘p va xo‘b yozayapmiz ham. Qonunlarimizni tabiat muhofazasiga moslashtiryapmiz. Ekologik harakat bo‘yicha alohida siyosiy partiya vujudga keldi. Ammo…
Hamon ariqlar ustiga imoratlar quramiz, ariqlarni ko‘mib tashlaymiz, daraxtlarni kesamiz, ekilgan nihollarni parvarishsiz quritamiz, suvni isrof etamiz, atrof-muhitni chiqindiga to‘ldiramiz. Xo‘sh, ahvolni o‘nglash uchun nima qilmoq kerak?
Uning yagona yo‘li tabiatga nisbatan nuqtai nazarni o‘zgartirmoqdir. Vaholanki, obodonchilik, saranjom-sarishtalik, tabiatga mehr borasida ajdodlarimizda tajriba yo‘q emas. Buning uchun uzoqqa borib o‘tirmang, "Boburnoma"ni o‘qing, ispan elchisi Klavixo de Gonsales xotiralarini o‘qing. Yoki bo‘lmasa, o‘g‘il farzand tug‘ilganda ota-bobolarimiz hovliga 16 ta terak va 2 ta mevali daraxt ko‘chati ekish an’anasiga amal qilishganini eslang. Hech bo‘lmaganda, viloyat hududida ocharchilik bo‘lganda juda ko‘pchilikni Samarqand shahridagi xonadonlarda o‘sib turgan tut mevalari o‘limdan saqlab qolganini eslaylik. Biz esa… hamon arosatdamiz.
Aytib charchamayman bu gapni: Samarqandning ob-havosini mo‘’tadil qilib turgan yettita soy bugun yo‘q. Ular tog‘dan Zarafshon daryosiga qarab tushgan, suv bo‘lmaganda ham toza havo keltirib, shahar iqlimini mo‘’tadillashtirib turgan. Shaharda ariqlar masalasi bo‘yicha alohida guruh tuzilgandan keyin ham ahvol o‘nglanmayapti. Ariqlarimizdan suv emas, chiqindi va balchiq oqyapti. Albatta, ko‘rilayotgan choralar tufayli ayrim hududlarda ahvol yaxshilandi. Lekin bu hali yetarli emas. Har bir fuqaro o‘z arig‘idan toza suv oqishini istashi va ta’minlashi zarur. Bu aqidaga rioya qilmaganligimiz, tabiat qonunlarini mensimaganligimiz uchun ham har yili yomg‘ir yog‘sa, ko‘lmaklaru toshqinlar ichida qolamiz. Va buning uchun bir-birimizni ayblash bilan ovoramiz. Vaholanki, shahar ichidagi ariq va kanallarni tozalash rejalari aholiga oshkora etilsa, bu ishga jamoatchilik jalb etilsa, qat’iyatlilik qilinsa, barcha suv manbalari atrofini risoladagidek qilish imkoniyati mavjud.
Elektr energiyasi masalasida ham xuddi shunday fikrdaman. Bizni tabiat jazolayapti. Ko‘miru gazdan hosil qilingan elektr energiyasi, avvalo, qimmat va ehtiyojimizga yetmayapti. Yillar davomida muqobil energiya haqida o‘ylamadik. Endi esa do‘ppi tor kelganda, bir-birimizga ta’na toshi otyapmiz.
Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, suv masalasida ham shunday vaziyat yuzaga kelishi mumkin. Biz toki ayrim ilg‘or, tejamkor mamlakatlardagidek tomchilatib sug‘orish tizimini qo‘llamasak, ichimlik suvining qadriga yetmasak, isrof qilaversak, bu borada ham mushkulotlarga duch kelishimiz tayin. Chunki tabiat uning qonunlariga bo‘ysunmaganlarni hech qachon kechirmaydi, ularning oldiga turli muammolarni ko‘ndalang qilib qo‘yaveradi. Mabodo hayotimizda bunday muammolar bo‘lishini istamas ekanmiz, tabiatni asrashga munosabatimizni o‘zgartirishga majburmiz.
O‘lmas Saydinov.