Tabiat sinovi qimmatga tushdi

Kecha, yakshanba kuni sodir bo‘lgan kuchli shamol Samarqand shahri, Spitamen shohko‘chasida joylashgan 159-A uyning tom qismini uchirib yubordi. 70 ga yaqin oila istiqomat qiluvchi mazkur ko‘p qavatli uyning bir qismi (sobiq Samarqand avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kollejining yotoqxonasi)ni ta’mirlash Past Darg‘om tumanidagi «Temur Malik stroy» MChJning 200 nafarga yaqin quruvchilari tomonidan amalga oshirilayotgan edi...
- Uyning sobiq yotoqxona, aholi yashayotgan xonadonlar tom qismini yangilash ishlari yanvar oyida boshlangan edi, - deydi qurilish korxonasi rahbari Feruz Zokirov. – Sobiq yotoqxona tom qismida ishlarni yakunlab, ko‘p qavatli uyning tomini ham yopib bo‘layozgan edik. Faqat tomning g‘arb tomonga qaragan eng chekka bir qismida eski shiferlar taxlanib turganligi sababli shu joyni yopishga ulgurmagandik. To‘satdan ko‘tarilgan kuchli shamol yopqichlarni ko‘tarib yerga uloqtirib tashladi.
Tabiiy ofat quruvchilar uchun 100 million so‘mdan ortiq ziyon keltirdi. Ayni paytda quruvchilar shamol uchirib ketgan 2000 kvadrat metr maydonni qaytadan yopmoqda. Tom yopish ishlari uch kun ichida yakunlanadi.
Kuchli shamol oqibatida elektr energiyasi ta’minotida ham uzilishlar sodir bo‘ldi. Jumladan, Samarqand shahridagi yuqori kuchlanishli tarmoqning to‘rtta simyog‘ochi qulagan.
- O‘sha paytda Samarqand shahri aholisining uchdan bir qismi yashaydigan mahallalar elektrsiz qoldi, - deydi “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatining Samarqand shahar elektr tarmoqlari bo‘limi boshlig‘i Komiljon Oqilov. – “Afrosiyob-Sherdor” yo‘nalishidagi 35 kilovoltli, yuqori kuchlanishli kabellar ortiqcha yuklama tufayli ishdan chiqqanligi sabab 6 ta mahallada, 35 ta transformator punktida uzilish sodir bo‘ldi. Kimyogarlar shaharchasi, 29-daha, Matonat mahallasi hamda Bedil ko‘chasida daraxt qulashi oqibatida elektr simlariga zarar yetdi. Navbatchi bo‘linmalarimiz 9 fevral kuni kechgacha barcha kamchiliklarni bartaraf etdi.
Shu kuni Bulung‘ur, Toyloq hamda Kattaqo‘rg‘on tumanlarida qulagan o‘nlab simyog‘ochlar beton ustunlarga almashtirildi. Urgut tumanida elektr tarmoqlarini ta’mirlash ishlari bugun ham davom ettirildi. Tumanda zarar yetgan o‘nlab kilometr uzunlikdagi yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 20 ga yaqin transformator punktlari rekonstruksiya qilinib, ularni ishga tushirishga hozirlik ko‘rilmoqda.
Dilmurod TO‘XTAYeV.