Tabiat tajovuzni kechirmaydi
«BMTning dunyo resurslari taraqqiyoti istiqbollari» dasturining o‘n besh yillik hisobotida xabar qilinishicha, 1970 yildan boshlab foydali qazilmalarni qazish 400 foizdan ko‘proqqa oshgan.
Tahlillardan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu hali hammasi emas - tabiiy resurslarni qazib olish 2060 yilga birib yana 60 foizga ko‘payadi.
Tabiat yovuzona bu tajovuzni aslo kechirmaydi. Iqlim o‘zgarishi, zilzila, vulqon otilishi, havoning ifloslanishi va parnik gazlari chiqishi keskinlashadi, qurg‘oqchilik xatarli tus oladi. Shunga qaramasdan, «Ekologik tozalik» uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bundan ham og‘ir oqibatlarga olib kelarkan. Masalan, ekologik toza elektromobil oddiy avtomobillarga qaraganda 10 marta ko‘p xom ashyo iste’mol qiladi, bu o‘sha xom ashyoni qazib olishni yanada ko‘paytirishni talab qiladi.
Xullas, ayrim davlatlarni «yashil» texnologiyani ko‘paytirishga urinishi dunyoda ekologik vaziyatni yanada murakkablashtiradi.
O‘lik qushlar
1896 yilda Amerikaning “Filadelfiya times” gazetasi Luiziana shtati Baton-Ruj shahri yaqinidagi ko‘chalarda to‘satdan osmondan qulagan yuzlab o‘lik qushlar bilan to‘lganini yozadi. Ular yovvoyi o‘rdaklar, qarg‘alar va qanotlari to‘zgan boshqa qushlar edi.
1917 yilda “Maneli uezer revyu” gazetasi o‘zining may oyi sonida g‘ayritabiiy bu hodisani tushuntirishga urindi: bu uchuvchi qushlar kuchli bo‘ron oqibatida yo‘ldan adashib halok bo‘lgan. Biroq turli qushlar bir paytda, bir joyda nega o‘lgani javobsiz qoldi.
1996 yil yanvarda Merlindda Sant-Meri shahri ustidan uchib o‘tayotgan o‘rdaklarni nimadir “urib tushirdi”. Guvohlarning aytishicha, o‘rdaklar orasida ko‘rinmas va eshitilmas portlash yuz bergan. “Zarbdan yerga qulab tushgan qushlarning qovurg‘a va qanotlari singan edi”, deb yozadi “Vashington post” gazetasi 1996 yil 26 yanvardagi sonida.
T.Shomurodov tayyorladi.