Tadbirkor yeri 11 gektar o‘rniga 20 gektar "bo‘lib qolgan" va soliq bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgan
Kadastr idoralariga qilingan murojaatlar e’tiborsiz qoldirilgandan so‘ng Samarqand shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi "Zafar invest" (nomi o‘zgartirilgan) MChJ vakili Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, korxona tomonidan 2021-2022 yillarda auksion orqali Nurobod tumani Oqsoy mahallasidan 3 ta lot bo‘yicha umumiy maydoni 11 gektar yer maydoni turizmni rivojlantirish maqsadida ijaraga olingan.
Biroq Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimida (UZKAD tizimi) korxonaning yer maydoni 11 gektar o‘rniga 20 gektar qilib ko‘rsatilgan. Oqibatda soliq organlari tomonidan hisobotlarni taqdim etish talab etilgan.
Ya’ni, Soliq kodeksining 426-moddasida rekreatsiya ahamiyatiga molik yerlar – aholining ommaviy dam olishi va turizmini tashkil etish uchun tegishli muassasalar hamda tashkilotlarga berilgan yer uchastkalari soliq solish ob’yekti hisoblanmasligi belgilangan bo‘lsa-da, UZKAD tizimida noto‘g‘ri kiritilgan 9 gektar yer maydoni uchun soliq hisoblanishi talabi qo‘yilgan.
Korxonaning ushbu masala yuzasidan kadastr idoralariga murojaatlari esa e’tiborsiz qoldirilib, masala ijobiy hal etilmagan.
Biznes-ombudsman devoni xodimlari aralashuvi bilan UZKAD tizimiga korxonaning yer maydoni 11 gektarligi to‘g‘risida ma’lumot kiritilib, soliq imtiyozlaridan foydalanish huquqi tiklangan.