“Tadbirkorlar faoliyatiga aralashganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi kuchaytiriladi” — O‘zLiDeP
Bu haqda Oqdaryo pedagogika kollejida O‘zLiDePdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlarning bilan uchrashuvida aytib o‘tildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Oliy Majlis quyi palatasi deputatligiga nomzod Dilafro‘z Maxmudova O‘zLiDeP bu yilgi saylovlarga “Va’da emas natija, ertaga emas bugun” ezgu shiori ostida “5 maqsad-500 vazifani” o‘z ichiga qamrab olgan saylovoldi dasturi bilan qizg‘in tayyorgarlik ko‘rayotganligini ta’kidladi.
Ta’kidlanishicha, partiya saylovoldi dasturida tadbirkorlar faoliyatiga aralashganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, qonuniy faoliyat yuritayotgan va soliqlarni o‘z vaqtida to‘layotgan tadbirkorlarni tekshirmaslikni ta’minlash, suv xo‘jaligi, ekologiya, energetika sohalariga davlat-xususiy sheriklikni, yo‘l qurilishi, gaz va elektr yetkazib berish sohalariga esa xususiy biznesni keng jalb etish bo‘yicha partiya o‘z oldiga qo‘yayotgan vazifalar mavjud.
Yoshlarni hunar va zamonaviy kasblarga, xorijiy tillarga o‘qitish, ma’naviyatini, ma’rifatini yuksaltirish, kitobxonligini oshirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda “IT” sohasi va sportga keng jalb etish borasida puxta ishlangan rejalarini amalga oshirish, yoshlar bandligi va ishbilarmonligini faol qo‘llab-quvvatlash, xususan, ishsiz yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish singari dolzarb masalalar ham saylovoldi dasturidan keng o‘rin olgan.
Yoshlarni kasb-hunarga tayyorlash amaliyotining aynan korxonalar buyurtmasi asosida joriy etilishi ham saylovoldi dasturda o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, mamlakatimizning har bir viloyatida kamida 100 gektar maydonda “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi” ni tashkil etish ham partiya zimmasidagi muhim vazifa bo‘lib hisoblanadi. Bundan tashqari yosh avlodni tadbirkorlikka jalb qilish uchun joylardagi mikromoliyalash xizmatlarini kengaytirish va tegishli asbob-uskunalardan keng foydalanish uchun zarur imkoniyatlarni yaratishga ham partiya o‘z diqqat e’tiborini qaratadi.
O‘z biznesini ijaraga olingan binoda boshlayotgan yoshlarga bir yillik ijara xarajatining 50 foizini qoplab berish vazifasi ham saylovoldi dasturida belgilab berilgan.
Deputatlikka nomzod Dilafro‘z Maxmudova shular haqida so‘z yuritar ekan, oqdaryolik yoshlar, xotin-qizlar ham bu imkoniyatlardan kelgusida unumli foydalanishlari mumkinligini, O‘zLiDePning saylovoldi dasturida aks ettirilgan ustuvor vazifalar ijrosi mustaqil hayot ostonasida turgan yoshlar va barcha soha vakillari uchun ham haqiqiy dasturilamal bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.