Tadbirkorlardan yagona ro‘yxatga kiritilmagan hisobotni talab qilganlik uchun javobgarlik belgilandi

Mamlakatimizda hisobotlarni va statistika ma’lumotlarini davlat organlariga taqdim etish jarayonlarini soddalashtirish orqali bisnesga nisbatan ma’muriy yukni kamaytirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga tadbirkorlik sub’yektlaridan qonunchilikda nazarda tutilmagan statistika, moliya, soliq hisobotini talab qilib olish kabi huquqbuzarliklarni qayta ko‘rib chiqishga ehtiyoj sezildi.

O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan hisobotlarni davlat organlariga taqdim etish jarayonlari soddalashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241/10-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi Qonun qabul qilindi.

Ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan hisobot va statistika ma’lumotlarining yagona ro‘yxatiga kiritilmagan hisobotlarni tadbirkorlardan talab qilib olganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha jarimaga tortish belgilandi.