O‘zbekiston tarixining qaysi davrida bayroq ko‘p marta o‘zgartirilgan?

Shubhasiz, O‘zbekiston SSR davrida.

O‘zbekiston SSR bayrog‘i tarixi haqiqiy sarguzasht. Chunonchi, 1925-1952 yillar oralig‘ida bayroq sakkiz marta almashgan.

1925-1927 yilgi bayroqqa arab va kirill harflarida «O‘zbekiston ijtimoiy sho‘ro jumhuriyati» so‘zlari qisqartma shaklda yozilgan.

1927-1929 yilgi qizil bayroqda esa «O‘zbekiston ijtimoiy sho‘ro jumhuriyati» yozuvi arab xatidagi tojik tilida ham tushirilgan. Chunki bu vaqtda Tojikiston ASSR O‘zbekiston SSR tarkibida edi.

1929 yilda lotin alifbosiga o‘tilishi munosabati bilan bayroqdagi o‘zbek va tojik tilidagi nomlar lotin alifbosiga o‘giriladi. Bunda davlat nomi «Øzvekistan çtma Şora Çymhyrijəti» (O‘zbekiston Ijtimoiy Sho‘ro Jumhuriyati) tarzida yoziladi va uning bosh harflari qisqartirib olinadi.

1929 yil Tojikiston ASSR O‘zbekiston tarkibidan chiqariladi va bayroqdan tojik tilidagi davlat nomi olib tashlanadi.

1934 yilda lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosi yana isloh qilinadi va undan Ɵ, Y, harflari chiqariladi. Natijada bayroqdagi davlat nomining bosh harflari ham o‘zgaradi.  «Ijtimoiy» so‘zi ham «sotsialistik»ka o‘zgartiriladi.

1935 yilda o‘zbek tilidagi «çumhuriyat» so‘zi «respublika»ga almashtiriladi. Oqibatda bayroqda «Ç» harfi «R»ga almashadi.

1937 yildan qizil bayroqqa «O‘zbekiston SSR» yozuvi ikki tilda to‘liq tushira boshlanadi.

1940 yilda o‘zbek tili kirill alifbosiga o‘tkaziladi va shu munosabat bilan bayroqdagi respublika nomi kirill harflari bilan yoziladi.

1952 yilda, nihoyat, 1991 yilgacha salkam qirq yil amalda bo‘lgan yalov qabul qilinadi.

SSSRda sovet respublikalari bayroqlaridagi ranglarning rasmiy talqini berilmagan. Lekin bayroqdagi ko‘k rang osmon yoki Amudaryo va Sirdaryoni anglatishi taxmin qilingan. Oq chiziq esa respublikada eng ko‘p yetishtiriluvchi paxta ramzi ekani ta’kidlangan.

Qizil rang, o‘roq va bolg‘a, besh qirrali yulduz – sotsializm unsurlari sifatida qo‘shilgan.