Tadbirkorlarga yerdan foydalanish va ijara to‘lovi bo‘yicha imtiyoz berish taklif qilindi

Prezidentimiz raisligida shu yil 18 aprelda ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar ijrosi targ‘iboti bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi.
Viloyati hokimligida o‘tkazilgan seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Sharofiddin Nazarov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari - Nuriddin Jabborov va Husan Yarqulov, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi raisi Shuhrat Negmatov va mahalliy kengash kotibiyati mudirlari, ularning doimiy komissiya raislari, iqtisodiyot va moliya, soliq, kadastr, davlat aktivlari, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari xodimlari ishtirok etdi.
Seminar hududlarni rivojlantirishda ularning salohiyati, imkoniyatlari, tadbirkorlik faolligi va boshqa bir qanchi omillarni hisobga olgan holda soliq mexanizmlarini qo‘llashda mahalliy Kengashlarning roli va vazifalariga doir masalalar muhokamasiga qaratildi.
Ta’kidlandiki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida soliq tizimini isloh qilishga qaratilgan bir qator muhim hujjatlar qabul qilindi. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanuvchi normalar joriy etildi. Soliqlar soni 13 tadan 9 taga kamaytirildi.
Yer resurslaridan oqilona foydalanish va hududiy iqtisodiy tengsizliklarni yumshatish maqsadida yer solig‘i hamda yer uchastkalarini ijaraga berishdagi to‘lov miqdorlariga turli koeffitsiyentlar qo‘llanilishiga oid normalar Soliq kodeksining 429-moddasida aks ettirilgan. Bugungi kunda viloyatlar mahalliy Kengashlari tomonidan soliq stavkalarini tuman va shaharlar kesimida belgilashda hamda tuman va shaharlar kengashlari tomonidan har bir daha, massiv, mahalla, ko‘cha kesimida oshiruvchi yoki kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni belgilashda aniq mezonlar ishlab chiqilmagan.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, mahalliy hokimiyatlar (iqtisodiyot va moliya boshqarmasi, soliq boshqarmasi) tomonidan soliq stavkalariga oshiruvchi koeffitsiyentlar joriy qilish miqdori bo‘yicha takliflar hududning byudjet xarajatlari hamda soliq chiqimi hajmidan kelib chiqib Kengashlarga taqdim etilmoqda.
Amaliyotda, Kengashlar qoshidagi tegishli komissiyalar, shuningdek, viloyatning soliq-byudjet jarayonlariga aloqador bo‘lgan tashkilot va idoralar tomonidan chuqur iqtisodiy tahlillar o‘tkazilmaganligi yoki ushbu masalaga yuzaki yondashilganligi sababli oshiruvchi yoki pasaytiruvchi koeffitsiyentlar asossiz ravishda qo‘llanilmoqda. Bu esa o‘z navbatida kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlarining xarajatlari oshib ketishiga olib keladi. Masalan, ko‘chmas mulk ijarasi bo‘yicha eng kam stavkaning ikki baravarga oshirilishi holatida to‘lanadigan soliq miqdori ko‘tariladi, bu esa tadbirkorning xarajatlarini oshiradi va oladigan foydasini kamaytiradi.
Seminarda xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining mahalliy byudjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raislariga yer solig‘i va ijara to‘lovlari uchun belgilangan minimal qiymatlarga oshiruvchi koeffitsiyentlarni belgilashda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish darajasidagi farqlanishini inobatga olish, sarmoya jalb etilmagan yoki infratuzilmasi rivojlanmagan hududlarda tadbirkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.