Tadbirlarni faqat oylik doirasida emas yil davomida o‘tkazish yaxshi samara beradi

Samarqand shahrida joylashgan 1-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabida viloyat Milliy gvardiyasi boshqarmasi tomonidan vatanparvarlik oyligi doirasida “Vatan himoyasi - muqaddas burch” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Unda Vatanni qo‘riqlash sharafli va ma’suliyatli ish ekanligi, har bir inson qalbida yurtga sadoqat tuyg‘usi jo‘sh urib tursa, hech bir yov ko‘z tikolmasligi xususida so‘z yuritildi.

- Harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish qilingan sport o‘yinlari o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi, - deydi mayor Jahongir Po‘latov. –Vatan himoyachisi, harbiy bo‘lishga qiziqish ularning yuz-ko‘zlaridan sezilib turdi. Qalbi qaynoq yoshlarimiz bilan suhbatlashib, bu kabi tadbirlarimizni faqat oylik doirasida emas balki, yil davomida o‘tkazib turishimiz zarurligini anglab yetdim.

- Bugungi tadbir menda katta taassurot qoldirdi, - deydi shu maktabning 11-sinf o‘quvchisi Husanboy Ziyovuddinov. - Harbiy akalarimizning qo‘l jangi bo‘yicha chiqishlari bizni hayratda qoldirdi. Men ham kelajakda Vatan himoyachisi, yosh gvardiyachisi bo‘lishni maqsad qildim.

To‘lqin SIDDIQOV.